Kechki reja oddiy bo‘lishi mumkin: uyda qolib kino ko‘rish. Faqat avval film tanlash kerak — ba’zan bunga yarim filmga yetadigan vaqt ketadi. Bugun tanlovni Toshkent haqidagi filmlargacha qisqartiraylik.
Bu besh filmda qo‘shnilar oilaviy ishlarga aralashadi, qahramonlar ilk bor sevib qoladi, bir kuyov esa o‘z to‘yiga yetib borolmaydi. Shu bilan birga, turli davrlardagi Toshkentni ham ko‘ramiz. Oltmishinchi yillar mahallasidan boshlaymiz, ikki minginchi yillar boshidagi do‘stlar davrasi bilan yakunlaymiz.
«Mahallada duv-duv gap»: qo‘shnilar hammasini biladi

Ota-onalar kimni kimga unashtirishni allaqachon rejalashtirib qo‘ygan, yoshlarning esa o‘z rejalari bor. Shuhrat Abbosov komediyasida kattalarning niyati farzandlarining istagiga mos kelmaydi. Voqealarni butun mahalla kuzatgani uchun shaxsiy masala tezda ko‘pchilikning ishiga aylanadi.
Voqealar Toshkentning eski qismida, yangi uylar qurilayotgan paytda kechadi. Yoshlar umrini kim bilan o‘tkazishni o‘zlari tanlamoqchi, kattalar va qo‘shnilar esa oilaviy masalalarda o‘z so‘zini aytishga odatlangan. Qahramonlar har kuni ko‘radigan odamlari bilan til topishishi kerak. Filmni ota-onangiz bilan ko‘rsangiz, titrlardan keyin ham gaplashadigan mavzu topiladi.
«Nafosat»: uch hikoyadagi ilk muhabbat

Keyingi film ilk muhabbat haqida. Qahramonlar o‘z tuyg‘ularini tushunishni endi o‘rganmoqda. «Sanjar», «Lena» va «Mamura» nomli uch novella umumiy qahramonlar orqali bog‘langan: har birida tanish qahramonlar yana paydo bo‘lib, ularning hikoyasi boshqa tomondan ochiladi.
Toshkent suratga olish boshlanishidan oldinoq bu hikoyaning bir qismiga aylangan. Elyor Ishmuhamedov diplom ishida 1966-yil yanvarida qo‘liga fotoapparat olib, film uchun joy izlab tug‘ilgan shahrini o‘rganganini yozgan. U tasvirlagan voqealar orasida Anhor bo‘yidagi bolalar davrasi ham bor: ular avtomobil kameralarida suzadi, davraboshi Sanjar esa ilk bor sevib qoladi.
Noyabr oqshomida «Nafosat»ni tanlashga yana bir sabab bor: film Toshkent yoziga, tuyg‘ular odamni hali kutilmaganda hayratga soladigan yoshga qaytaradi. Uch yildan keyin Ishmuhamedov va ssenariynavis Odelsha Agishev yosh toshkentliklar haqida yana bir film — «Sevishganlar»ni yaratgan.
«Sevishganlar»: do‘stlik va katta hayot

Rodin, Rustam va kelib chiqishi yunon bo‘lgan Tasos Toshkentda yashaydi va uchalasi do‘st. Har birining o‘z oilasi va o‘tmishi bor. Tasosning Gretsiyada qarindoshlari topilgan. Ularni umumiy shahar bog‘lab turadi, ammo har biri qayerda va kim bilan hayot kechirishni o‘zicha hal qilishi kerak.
«Nafosat»ga qaraganda, bu yerda qahramonlar oldidagi qarorlar jiddiylashadi. Sevgi bilan yonma-yon ish, oilaviy mas’uliyat va ko‘chib ketish ehtimoli turadi.
«To‘ylar muborak»: kuyov to‘yga ketmoqda

Yunusning bugun to‘yi. Uning vazifasi bittadek tuyuladi — kelinning yoniga yetib borish. Lekin yo‘lda yordamga muhtoj odamlar uchrayveradi. Yunus ularning ishiga aralashadi, ushlanib qoladi va o‘z to‘yiga hech yetib borolmaydi.
Toshkent bo‘ylab ketar ekan, Yunus birin-ketin turli odamlarga duch keladi. Eduard Xachaturov shu kechikishlardan o‘z to‘yi kuni ham boshqalarning tashvishi bilan yurgan odam haqidagi komediyani yaratadi. Tanish holat: uydan bitta oddiy reja bilan chiqasiz-u, shahar rejangizni o‘zicha o‘zgartirib yuboradi. Faqat Yunusni uyida odatdagidan ancha jiddiyroq kutishyapti.
«Osmondagi bolalar»: ikki minginchi yillar Toshkenti

Ikki minginchi yillar boshida Zulfiqor Musoqov Hamdam, Xurshid, Javohir va Baxtiyor degan to‘rt do‘st haqida film suratga oldi. Ular birga ulg‘aygan, ammo har birining oilaviy hayoti turlicha. Birining otasi badavlat tadbirkor, boshqasiniki ishsiz rejissor; Hamdam novvoy bo‘lib ishlaydi, Javohirning otasi esa tramvay haydaydi.
Do‘stlarning imkoniyatlari esa bir-biridan keskin farq qiladi. Ular yoshlikdagi qiziqishlari bilan birga pul, oiladagi munosabatlar va kelajak haqida ham o‘ylaydi. Kino ham shu hayotning bir qismi: Hamdam filmlarga qiziqadi, lekin hatto o‘z videomagnitofonini saqlab qolishi ham oson emas.
Shaharning o‘zi ham o‘zgargan. «Kinoforum» jurnali 2003-yildagi taqrizida filmda ko‘ringan Toshkentning sokin xiyobonlari, hovlilari va chekka ko‘chalariga e’tibor qaratgan. Ikki minginchi yillarda ulg‘ayganlar uchun bu tanish turmushni eslashga sabab. Qahramonlarning oilalari o‘rtasidagi farqlar esa to‘rt do‘stga birga voyaga yetish nega oson emasligini tushunishga yordam beradi.
Bugun qaysi birini ko‘ramiz?

Kulgili kino ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, Abbosovning mahallasini yoki Yunusning to‘yga borishini tanlang. «Nafosat»ni ilk muhabbat va Toshkent yozi uchun, «Sevishganlar» hamda «Osmondagi bolalar»ni esa do‘stlik va ulg‘ayish haqidagi hikoya uchun qo‘yish mumkin.
Keyin izohlarga keling: qaysi joyni tanidingiz va Toshkent haqidagi qaysi filmni qo‘shgan bo‘lardingiz?
