
Xayrli tong, Toshkent!
Avtobus yo‘laklaridagi yangiliklar, issiqxonalar tutunini kamaytirish taklifi va bepul podkast yozish imkoniyati. 13-oktyabr yangiliklari va 14–15-oktyabrdagi beshta tadbir

Kunduzi yana iliq bo‘ladi
Bugun 14-oktyabr, chorshanba
O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, havo o‘zgarib turadi, yomg‘ir kutilmaydi. Kunduzi +22…+24°, kechasi +12…+14°. Sharqdan 3–8 m/s tezlikda shamol esadi
Endi seshanba kuni shaharda bo‘lgan yangiliklarga o‘tamiz

Avtobus yo‘laklariga kameralar o‘rnatildi
Farg‘ona yo‘li ko‘chasining olti kilometrlik qismida ikkala yo‘nalishga ham kameralar o‘rnatildi. Ular «A» bilan belgilangan avtobus yo‘laklarini nazorat qiladi. Oddiy avtomobillarning bu yo‘laklarga soat 06:00 dan 23:00 gacha chiqishi taqiqlangan
Yo‘lakni mashinalar egallab olsa, avtobus ham ular bilan birga tirbandlikda qoladi. Kameralar avtobuslar yo‘lini bo‘shatishga yordam berishi kutilmoqda. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bunday nazorat poytaxtning boshqa ko‘chalarida ham bosqichma-bosqich joriy etilayotganini xabar qildi

Issiqxonalar tutunini kamaytirish uchun nima taklif qilindi
Kuzda havo sovib, shamol tinganda issiqxonalardan chiqayotgan tutun Toshkent ustida to‘planib qolishi mumkin. 13-oktyabr kuni prezidentga shahar va unga qo‘shni beshta tumandagi issiqxonalar bo‘yicha yangi takliflar taqdim etildi
Qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan issiqxonalarni 1-dekabrgacha gaz, elektr, quyosh yoki geotermal energiyaga yoxud IESlarning ikkilamchi issiqligiga o‘tkazish taklif etilmoqda. Qat’iy talablarga javob beradigan xo‘jaliklar uchun istisno ko‘zda tutilgan: avtomatik qozonlar, chiqindi gazlarini tozalash, yoqilg‘ini yopiq joyda saqlash va kulni xavfsiz yig‘ish shular jumlasidan
Loyihada 15-oktyabrdan 15-martgacha doimiy monitoring ham bor. Qurilmalar va kameralardan olingan ma’lumotlar ekologiya idorasi tizimiga tushadi. Taqiqlangan yoqilg‘i ishlatgan yoki chiqindi me’yoridan oshgan issiqxonalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish mumkin bo‘ladi

Issiq suv uchun hisob nega ko‘paygan bo‘lishi mumkin
Bir muddat hisoblagich ko‘rsatkichini yubormadingiz, kvitansiyadagi summa esa oshib bordi. Veolia bunday holatda to‘lov qanday qayta hisoblanishini tushuntirdi
Yangi ko‘rsatkich bo‘lmasa, to‘lov o‘rtacha oylik sarf asosida hisoblanadi. Uni yuborganingizdan keyin avvalgi ko‘rsatkichdan beri qancha suv ishlatilgani aniqlanadi va hisob tuzatiladi
Qayta hisoblanayotgan har bir oy uchun o‘sha paytda amal qilgan tarif olinadi. Hisob va to‘lovlarni Veolia shaxsiy kabinetida ko‘rish mumkin
Bu, masalan, uzoq safardan qaytganda asqatadi: o‘rtacha sarf bo‘yicha yozilgan hisob siz ishlatgan haqiqiy suv miqdoridan ancha farq qilishi mumkin

Qayerda bepul podkast yozish mumkin
Respublika bolalar kutubxonasidagi studiyada podkast, intervyu, audioertak yoki video uchun ovoz yozish mumkin. Xodimlar uskunani sozlash va yozuv jarayonida yordam beradi
Studiyadan notijorat ta’lim va ijodiy loyihalar uchun foydalaniladi. Bir seans 50 daqiqa davom etadi. Oyiga bitta loyiha yozish mumkin, yosh chegarasi — 8+
Saytda ariza qoldirasiz. Menejer o‘n ish kuni ichida bog‘lanib, vaqt taklif qiladi. Shu kunning o‘zidayoq yozib ketaman deb reja qilmagan ma’qul
Kutubxonaga shunchaki kitob o‘qish uchun ham borish mumkin. U bolalar va kattalar uchun har kuni 10:00 dan 21:00 gacha ochiq

14-oktyabr: zamonaviy san’at haqida suhbat
CCAda Rohini Iyengar Vadapalli G‘arb rassomchiligi impressionizmdan abstrakt ekspressionizmgacha qanday o‘zgarganini tushuntiradi. Uchrashuv ingliz tilida o‘tadi — tilni ham mashq qilib olasiz
Vaqti: 14-oktyabr, 18:00
Narxi: bepul, ro‘yxatdan o‘tish kerak
Manzil

14-oktyabr: «Verdiana» va «Hayvonlar karnavali»
Navoiy teatrida bir oqshomda Aleksey Shorning Verdi operalaridan ilhomlanib yozgan «Verdiana»si va Kamil Sen-Sansning «Hayvonlar karnavali» yangraydi
Sen-Sans tasvirlagan hayvonlar orasida salobatli oqqush, sekin yuradigan toshbaqalar va tinib-tinchimas tovuqlar bor. Ularning harakati va ovozini orkestr cholg‘ulari ifodalaydi. Tinglab, qaysi hayvon ekanini topishga urinib ko‘rish mumkin
Vaqti: 14-oktyabr, 19:00
Narxi: 77 000 so‘mdan, 12+
Manzil

15-oktyabr: Human Houseda ikat festivali
Ertaga Human Houseda avvalgi dayjestda aytganimiz — Zero Waste Fashion Festival o‘tadi. Dizaynerlar matoni kamroq qiyqim qoladigan qilib bichish usullarini ko‘rsatadi
11:00 dan 20:00 gacha hunarmandchilik buyumlari yarmarkasi ishlaydi. 18:00 da Ikat Connection loyihasi taqdim etiladi, 19:00 da esa moda namoyishi boshlanadi. Ishtirokchilar bir bo‘lak ikatdan o‘z liboslarini qanday tikkanini aytib beradi
Kun davomida borish yoki ishdan keyin namoyishga yetib kelish mumkin
Vaqti: 15-oktyabr, 11:00–20:00; namoyish 19:00 da
Narxi: bepul
Manzil

15-oktyabr: fransuzcha gaplashamiz
Fransuz Alyansi Kamilla bilan suhbat klubiga taklif qilmoqda. Tilni endi o‘rganayotganlar ham, mashq qilishni istaganlar ham qatnashishi mumkin — har qanday daraja bilan kelaverasiz
Fransuz tilini hozircha faqat telefondagi ilovada o‘rganayotgan bo‘lsangiz, uni odamlar bilan gaplashib sinab ko‘rishga imkon bor
Vaqti: 15-oktyabr, 18:30
Narxi: bepul, kirish erkin
Manzil

15-oktyabr: Bax asarlari orkestr ijrosida
Konservatoriyada «Yosh iste’dodlar» kamer orkestri BACH: New Vision dasturini ijro etadi. Unda «Yaxshi temperatsiyalangan klavir» turkumidan preludiya va fugalar orkestr talqinida hamda Baxning fa minor konserti yangraydi
Barokko davrining boshqa bastakorlari — Gendel, Albinoni va Vivaldi asarlari ham dasturga kiritilgan. Vivaldidan «Yil fasllari»ning «Yoz» konserti tanlangan: u jaziramadan toliqish tasviri bilan boshlanib, yozgi momaqaldiroq bilan tugaydi
Vaqti: 15-oktyabr, 19:00
Narxi: 66 000 so‘mdan, 6+
Manzil

Tazik — sizniki
Buguncha shu. Tazikni oling va qaysi tadbirni tanlaganingizni izohlarda ayting: konsertmi, san’at haqidagi uchrashuvmi, suhbat klubimi yoki ikat festivali?
Yaxshi joy yoki tadbirni bilsangiz, uni ham yozing. Keyingi dayjestlar uchun ko‘rib chiqamiz
Chorshanbangiz yaxshi o‘tsin, Toshkent!