Toshkent, xayrli tong! 16-oktabr

Toshkent, xayrli tong! 16-oktabr
To‘rtta tumanda hokimlar almashdi, Raqobat qo‘mitasi esa taksi narxlarining keskin oshishini o‘rganmoqda
Tumanlarga kimlar rahbar bo‘ldi, ularning tajribasi qanday — shuni ko‘rib chiqamiz. Dam olish kunlari uchun esa eski Toshkent bo‘ylab sayrlar, mahalliy dasturchilarning o‘yinlari va Qamara Kamolova filmlarini tanladik
O‘qing, reja tuzing va tazikingizni oling 🧡
Havo hali ham iliq

Havo hali ham iliq
Bugun juma, 16-oktabr. O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, Toshkentda havo o‘zgaruvchan bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi
Kunduzi +23…+25°. Sharqdan esadigan shamol tezligi — 3–8 m/s
Endi yangiliklarga o‘tamiz: kecha tuman hokimliklarida katta o‘zgarishlar bo‘ldi
Chilonzorga Yangihayot hokimi keldi

Chilonzorga Yangihayot hokimi keldi
15-oktabrda Toshkentning to‘rt tumanida hokimlar almashdi. Hayot Inogamov Yangihayotdan Chilonzorga o‘tib, Saidqahhor Xolxo‘jayev o‘rnini egalladi
Inogamov Yangihayot tashkil etilgan 2020-yildan beri tumanga rahbarlik qilgan. Bungacha yo‘l va transport sohasida rahbarlik lavozimlarida ishlagan
Chilonzor rejalarida Qatortol, Cho‘ponota va Kichik halqa yo‘lining ayrim qismlarini yangilash bor. Aholi uchun ilk savol — bu ishlar qanday ketishi
🏗 Yangihayotda ilk bor yangi rahbar
Uning o‘rniga Yashnobod hokimining iqtisodiyot, moliya va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha sobiq birinchi o‘rinbosari Lazizbek Temirov keldi. Qariyb olti yil bir rahbar bilan o‘sgan tumanni endi yangi hokim boshqaradi
Yangihayot rejalari orasida quruq port — yuklarni saqlash, qayta yuklash va bojxona rasmiylashtiruvi markazi — hamda Yangihayot City bor
Rahbar almashgach, natijani kuzatish qiziq: katta qurilishlar bilan birga yo‘llar va ish o‘rinlari ham paydo bo‘lishi kerak
Yashnobodga qurilish tajribasi bor hokim

Yashnobodga qurilish tajribasi bor hokim
Baxtiyor Rahmonqulov Favqulodda vaziyatlar vazirligi Inspeksiyasi boshlig‘i bo‘ldi. Yashnobodning yangi hokimi Abdulaziz Abdulxakov qurilish, arxitektura va kommunal xo‘jalikda ishlagan. 2025-yildan UET Construction’da ijtimoiy obyektlar qurilishiga rahbarlik qilgan
Tumanda to‘rtta mahalla yangilanishi rejalangan; yana sakkiztasida suv va kanalizatsiya muammolari bor
🏛 Yakkasaroyga Sergelidan, moliya tajribasi bilan
Nilufar Allabergenova Toshkent prokurori o‘rinbosari bo‘ldi
Tumanga 2021-yildan Sergelida iqtisodiyot, moliya va kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul bo‘lgan Akmal Jumaboyev rahbarlik qiladi
Tumanning 2027-yil dasturida iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot va ekologiya bo‘yicha jami 69,9 mlrd so‘mlik oltita loyiha bor
Moliyada tajribasi bor rahbar oldidagi yaqin savol — dastur tuman budjetida qanday aks etishi va belgilangan muddatlarga ulgurishi
Taksi narxlari Qo‘mitagacha yetib bordi

Taksi narxlari Qo‘mitagacha yetib bordi
11–13-oktabrda Yandex Go ishlashidagi uzilishlar sabab yo‘lovchilar boshqa ilovalarga o‘tdi. Uklon buyurtmalar 2–3 baravar, MyTaxi esa 15 baravar oshganini bildirdi. Talab bilan birga tig‘iz paytlardagi narxlar ham ko‘tarildi
15-oktabrda Raqobat qo‘mitasi agregatorlar narxni qanchalik asosli oshirganini o‘rganishni boshladi. Servislardan narx algoritmlarini qayta ko‘rish, haydovchilarning pul yechish, bloklanish va bonus muammolarini hal qilish ham so‘raldi
Buyurtmadan oldin yakuniy narxni solishtiring

Buyurtmadan oldin yakuniy narxni solishtiring
Servislar uzilishlar va tariflar bilan shug‘ullanayotgan paytda, telefonda ikkinchi taksi ilovasi ham bo‘lgani qulay. Bir yo‘nalishni bir vaqtda, bir xil manzillar va bir xil toifadagi mashina bilan solishtiring
Yetib kelish vaqtini ham qarang: arzonroq mashina shaharning narigi chetida bo‘lsa, ulgurishga yordam bermaydi. Keshbek shartlarini alohida o‘qing — keyingi safar uchun bonus bugungi to‘lovni kamaytirmaydi
Spot yaqinda bitta qisqa yo‘nalish bo‘yicha beshta ilovani solishtirdi: narxlar ancha farq qilgan. Keyingi buyurtmada vaziyat o‘zgarishi mumkin, shuning uchun yakuniy summani yana bir ko‘rib olamiz
Yirik kompaniyalar ham, o‘zini o‘zi band qilganlar ham

Yirik kompaniyalar ham, o‘zini o‘zi band qilganlar ham
15-oktabrda biznesni ro‘yxatga olish boshlandi. Maqsad — qancha korxona amalda ishlayotgani va qaysi faoliyat statistika hisobidan tashqarida qolayotganini aniqlash. Rasmiy bahoga ko‘ra, 6,5 mln band kishining daromadlari hisobda to‘liq aks etmayapti
Ro‘yxatga olish 30-noyabrgacha davom etadi. Kompaniyalar, YTTlar, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilganlar va ro‘yxatdan o‘tmasdan ishlayotganlar qamrab olinadi
Yuridik shaxslar ma’lumotlarni statistika hisobotlari tizimida, o‘zini o‘zi band qilganlar esa ro‘yxatga olish portalida to‘ldiradi. Ro‘yxatga oluvchilar ish joylarini 09:00–18:00 oralig‘ida ham aylanadi
Savollar uchun raqam — 1851
«Nomingizga kredit olishmoqda» — o‘zlari olishgan

«Nomingizga kredit olishmoqda» — o‘zlari olishgan
Go‘yoki bankdan qo‘ng‘iroq, nomingizga kredit olinayotgani haqida vahimali gap, zudlik bilan ma’lumot aytish talabi. DXXning 15-oktabrdagi xabariga ko‘ra, Miroboddagi yashirin koll-markaz shunday ishlagan
Suhbatdoshdan ma’lumot olgach, kartadagi pulni o‘g‘irlashgan va onlayn kredit rasmiylashtirishgan. DXX $8 mln kriptovalyutada xorijga chiqarilganini bildirdi. Dastlabki tergovda sxemaga aloqador o‘n kishi aniqlangan. Tergov davom etmoqda
Firibgarlar odamning pulini himoya qilish istagidan foydalangan. Bunday qo‘ng‘iroqni o‘z bankingiz orqali tekshirgan ma’qul: suhbatni tugatib, ilovadagi yoki kartadagi raqamga o‘zingiz qo‘ng‘iroq qiling
Kredit kerak bo‘lmasa, taqiq qo‘yish mumkin

Kredit kerak bo‘lmasa, taqiq qo‘yish mumkin
Bunday xabardan keyin shunchaki xavotirlanib qolmay, biror chora ko‘rgingiz keladi. Yagona davlat xizmatlari portalida O‘zbekiston fuqarolari uchun kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki taqiqni olib tashlash bo‘yicha bepul xizmat bor
Akkauntingizga kirib, xizmatni oching va taqiqni yoqing. Kredit kerak bo‘lganda uni shu yerning o‘zida olib tashlash mumkin. Hujjat talab qilinmaydi
Taqiq nomingizga kredit rasmiylashtirilishidan himoyalanishga yordam beradi. SMS kodlari va bank ilovasi parolini esa baribir hech kimga bermang: kartadagi pulga kirish — alohida xavf
Juma: advokatlik osonmi?

Juma: advokatlik osonmi?
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Abdulla Avloniy asari asosidagi «Advokatlik osonmi?» komediyasi namoyish etiladi. Asar savodsizlik, firibgarlik va jaholatni hajv qiladi — bu mavzularda hozircha o‘zgarish kam
Spektakl o‘zbek tilida, davomiyligi bir yarim soat; 12+
Vaqti: 16-oktabr, 18:00
Narxi: 77 000–110 000 so‘m
Manzil
X-Places: shaharni qayta kashf etishning uch yo‘li

X-Places: shaharni qayta kashf etishning uch yo‘li
Shanba, 17-oktabrda Rustam Xusanov urushgacha bo‘lgan Toshkent bo‘ylab sayrga olib chiqadi: eski hovlilar, kirish yo‘laklari, 1920–1930-yillar uylari va ularning tarixidagi 1941-yil evakuatsiyasi
Shanba oqshomida — ikki soatlik «Adabiy Toshkent». Jukovskiy va Gogol ko‘chalarida Axmatova, Faynberg, Chukovskiy va boshqa yozuvchilar bilan bog‘liq manzillar ko‘riladi
Yakshanba, 18-oktabrda — «Toshkent kanallari bo‘ylab»: yo‘lning bir qismi piyoda, bir qismi avtobusda, yo‘l-yo‘lakay shahar hikoyalari bilan
Ekskursiyalar X-Places hamjamiyati a’zolari uchun. Shartlar, narxlar, vaqt va uchrashuv joylari Facebook e’lonlarida. Facebook’da bo‘lmasangiz, guruh a’zosi taklif qilishi mumkin
Shanba: o‘zimizda yaratilgan o‘yinlarni sinaymiz

Shanba: o‘zimizda yaratilgan o‘yinlarni sinaymiz
GameDev Goethe 2026 Demo Day’da o‘zbekistonlik dasturchilarning 30 dan ortiq o‘yini ko‘rsatiladi. Inkubator jamoalari ular ustida bir necha oy ishlagan; oldingi mavsum qatnashchilari ham yangi loyihalari bilan keladi
Stendlarda o‘ynash, mualliflar bilan suhbatlashish va yoqqan loyihani GameDev Coins orqali qo‘llab-quvvatlash mumkin. Mualliflar yoningizda bo‘ladi — yoqqan bosqich yoki noqulay boshqaruv haqida bevosita o‘zlariga aytasiz
Vaqti: 17-oktabr, 15:00–20:00
Narxi: bepul
Manzil
Shanba: nega har xil eslaymiz?

Shanba: nega har xil eslaymiz?
CCA’da Vyacheslav Oxunov bilan «Biz xotirani emas, xotira bizni nazorat qiladi» nomli suhbat bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan tafsilotlar qanday yo‘qolishi va boshdan kechirgan voqealar haqidagi tasavvurimiz qanday o‘zgarishi muhokama qilinadi
Uchrashuv nomi oiladagi «aslida qanday bo‘lgan edi» degan bahslarga juda mos. Suhbat rus tilida; ro‘yxatdan o‘tish kerak, joylar cheklangan
Vaqti: 17-oktabr, 18:00
Narxi: bepul
Manzil
Dam olish kunlari: Qamara Kamolovaning ikki filmi

Dam olish kunlari: Qamara Kamolovaning ikki filmi
CCA’da Qamara Kamolovaning ikki filmi ko‘rsatiladi. «Achchiq danak» — uning 1975-yilda suratga olingan ilk badiiy filmi. Ikki o‘smir dugona yozni birga o‘tkazadi, ilk muhabbat esa ularning munosabatlarini o‘zgartiradi
«Atrof qor bilan qoplandi»da (1995) yosh o‘rmonchi Komil Toshkentdan qo‘riqxonaga kelib, onasidan ayrilgan Asalning uyiga joylashadi. Ularning yolg‘izligi asta-sekin yaqinlikka aylanadi. Ikkala namoyish ham o‘zbek kinosining modernizm davriga bag‘ishlangan dasturga kiradi. Oldindan ro‘yxatdan o‘tish kerak
Vaqti: «Achchiq danak» — 17-oktabr, 15:00; «Atrof qor bilan qoplandi» — 18-oktabr, 18:00
Narxi: bepul
Manzil
Yangi hokim ishni nimadan boshlasin?

Yangi hokim ishni nimadan boshlasin?
Tumaningizdagi yangi hokim birinchi navbatda nima qilishi kerak? Izohlarda aniq joy yoki muammoni yozing — shu yerda yashaydiganlarning fikrini yig‘sak qiziq bo‘ladi
Dayjestni o‘qiganingiz uchun rahmat. Tazikingizni oling — ertagacha!