Xayrli tong, Toshkent! 17-oktyabr

Xayrli tong, Toshkent! 17-oktyabr
Avtobuslar uchun yana qariyb 18 kilometr alohida yo‘lak rejalashtirilmoqda. Kirish qismidagi firma nomi, tovar belgisi va faoliyat turi ko‘rsatilgan peshlavhalarga endi reklama pasporti kerak emas
Juma yangiliklarini ko‘rib chiqamiz va dam olish kunlariga reja tuzamiz: mahalliy dasturchilarning o‘yinlarini sinash, X-Places bilan sayr qilish yoki Qamara Kamolova filmlarini tomosha qilish
O‘qing, reja tuzing va tazikingizni oling 🧡
Uyda o‘tirishga ko‘z qiymaydigan ikki kun

Uyda o‘tirishga ko‘z qiymaydigan ikki kun
O‘zgidromet 17–18-oktyabr kunlari Toshkentda yog‘ingarchilik bo‘lmasligini prognoz qilmoqda. Kunduzi +22…+24°, kechasi +12…+14°. Sharqdan 3–8 m/s tezlikda shamol esadi
Uzoqroq sayr va ochiq havoda tushlikni rejalashtirsa bo‘ladi. Kechga borib salqinlashadi, shuning uchun yengil kurtka baribir asqatadi
Avtobuslar uchun yana 17,9 kilometr

Avtobuslar uchun yana 17,9 kilometr
Toshkentda avtomobillar soni har yili qariyb 30 mingtaga oshmoqda. Avtobuslar ham shu oqimda turib qoladi, shuning uchun shahar jamoat transportiga alohida yo‘laklar tayyorlashda davom etmoqda
16-oktyabr kuni hokimlik to‘rtta yangi yo‘nalishni ma’lum qildi: Muqimiy ko‘chasi — 4,6 km, Qoratosh va Ko‘kcha Darvoza — 4,2 km, Parkent — 2,8 km, Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi — 6,3 km
Hozir loyiha hujjatlari uchun qariyb 6,5 mlrd so‘mlik budjet shakllantirilmoqda. Keyin ijrochilar tanlanib, yo‘llar ostidagi kommunikatsiyalar tekshiriladi. Loyihaga bekatlarga qulay kirish, yoritish va piyodalar yo‘llari ham kiritilishi kerak. Qurilish boshlanish sanasi hali aytilmagan
Peshlavha endi shunchaki peshlavha

Peshlavha endi shunchaki peshlavha
O‘tgan kuzdan beri toshkentlik tadbirkorlar peshlavhalar olib tashlanayotgani haqida shikoyat qilayotgandi: ulardan reklama pasporti talab qilinib, fasadlarni dizayn-kodga moslab o‘zgartirish so‘ralgan. May oyida bu masala prezident huzuridagi yig‘ilishda muhokama qilindi
Endi kirishdagi firma nomi, tovar belgisi va faoliyat turi tashqi reklama hisoblanmaydi — bunday peshlavha uchun reklama pasporti kerak emas. Qaror 15-oktyabrdan kuchga kirgan, 16-oktyabr kuni hokimlik unga izoh berdi
Dizayn-kodga ham yangi tartib belgilandi: o‘zgarishlar jamoatchilik muhokamasidan o‘tib, e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kirishi kerak. Toshkent dizayn-kodini tadbirkorlar va OAV vakillari ishtirokida 10-dekabrgacha muhokama qilish topshirildi
Issiq suv hididan nima ma’lum bo‘ldi?

Issiq suv hididan nima ma’lum bo‘ldi?
Juma kuni besh tuman — Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Chilonzor va Yunusobod aholisi issiq suvdagi kimyoviy hiddan shikoyat qildi. Veolia manbalar va xonadonlardan suv namunalarini oldi. Bu hududlarga tarmoq suvi Toshkent IEMdan keladi, Veolia esa uni turar joy binolarigacha yetkazib, taqsimlaydi
Kechga borib Veolia asosiy ko‘rsatkichlar me’yorga mosligini va suv foydalanishga yaroqli ekanini bildirdi. Tarmoqlar va xonadonlardan olingan namunalarning chuqurlashtirilgan tahlili davom etayotgan edi. Sifat o‘zgarishining sababini kompaniya shu tahlil yakunida e’lon qilishini aytdi
Muammo uyingizda saqlanib qolgan bo‘lsa, 1347 raqamiga yoki Veolia botiga manzilingizni yuboring. Murojaatdan keyin mutaxassislar suvni binoning kirish qismidagi issiqlik uzelida tekshiradi
Samarali energetika haqida bir gap

Samarali energetika haqida bir gap
Iyul oyida prezident huzuridagi yig‘ilishda elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 17,2% ekani aytilgandi. Shu sabab yangi stansiyalar haqidagi suhbat tobora ko‘proq ularning energiyasini iste’molchiga yetkazish masalasi bilan birga olib borilmoqda
16-oktyabrdagi uchrashuvda 4,7 mlrd dollarlik oltita energetika loyihasi bo‘yicha bitimlar imzolandi. 2030-yilgacha 5000 km tarmoq va 16 ta yirik podstansiya qurish, energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish ham rejalashtirilgan
Prezident alohida ravishda ikkinchi va uchinchi AESni qurish rejalari haqida gapirdi. U 17-oktyabr kuni ikkinchi stansiya masalasini yangi hamkorlar va investorlar bilan muhokama qilishini aytdi. Bu ikki loyihaning joyi va muddati hali e’lon qilinmagan
Kontrakt to‘lovi muddatini tekshiring

Kontrakt to‘lovi muddatini tekshiring
Bakalavriat yoki magistraturaga tavsiya etilgan abituriyentlar, shuningdek, o‘qishi ko‘chirilgan yoki qayta tiklangan talabalar uchun kontrakt to‘lash va qabulni rasmiylashtirish muddati 1-noyabrgacha uzaytirildi
Shu sanagacha yillik bazaviy kontraktning kamida 25%ini yoki tabaqalashtirilgan kontraktning 50%ini to‘lash kerak. Uzaytirish haqida vazirlik 16-oktyabr kuni xabar berdi
Pedagog xodimlarning farzandlari uchun yana bir imkoniyat bor: shu o‘quv yilidan davlat OTMlarining kunduzgi bakalavriatida o‘qiyotgan talabalar kontraktining 30%i qoplab beriladi. Imtiyoz olish uchun ariza kontrakt platformasi orqali yuboriladi
Bolalar kutubxonasiga — ellikdan keyin

Bolalar kutubxonasiga — ellikdan keyin
Respublika bolalar kutubxonasida 50 va undan katta yoshdagi ishtirokchilar uchun oyda bir marta kompyuter savodxonligi klubi ishlaydi. Bu yerda kundalik raqamli vositalardan foydalanish va axborot izlashni shoshilmasdan, rus va o‘zbek tillarida o‘rganishadi
Navbatdagi uchrashuv bugun. Ota-onangiz yoki tanishlaringizga ayting; arizani birga to‘ldirsangiz ham bo‘ladi. Unda ism, yosh, elektron pochta va telefon raqami so‘raladi
Vaqti: 17-oktyabr, 14:00–15:30
Narxi: e’londa ko‘rsatilmagan
Manzil
GameDev Goethe: mahalliy o‘yinlarni sinaymiz

GameDev Goethe: mahalliy o‘yinlarni sinaymiz
Bugun Goethe-Institutda O‘zbekiston dasturchilarining 30 dan ortiq o‘yin loyihasini sinab ko‘rish mumkin. Jamoalar bu loyihalar ustida bir necha oy ishlagan
Stendlar bo‘ylab yurib, mualliflarga savol berish va yoqqan loyihalarni GameDev Coins yordamida qo‘llab-quvvatlash mumkin
Vaqti: 17-oktyabr, 15:00–20:00
Narxi: bepul
Manzil
X-Places bilan uchta sayr

X-Places bilan uchta sayr
X-Places bu dam olish kunlariga uchta ekskursiya tayyorlagan. Shanba, 17-oktyabr kuni — «Довоенный Ташкент» va «Литературный Ташкент», yakshanba, 18-oktyabrda — «По каналам Ташкента»
Qiziqishingizga qarab tanlang: eski uylar va hovlilar, adabiy manzillar yoki shahar kanallari
Vaqt, narx va yig‘ilish joylari Facebook e’lonlarida. Ularning havolalari X-Places postida jamlangan. Ekskursiyalar hamjamiyat a’zolari uchun; guruhda yoki Facebookda bo‘lmasangiz, a’zolardan birining taklifi kerak bo‘ladi
Dam olish kunlari Qamara Kamolova kinosi

Dam olish kunlari Qamara Kamolova kinosi
CCA’da modernizm davri o‘zbek kinosi dasturi davom etmoqda. Shanba kuni Qamara Kamolovaning «Achchiq danak», yakshanba kuni esa «Atrof qor bilan qoplandi» filmi namoyish etiladi
Bormoqchi bo‘lsangiz, markazga tashrif uchun oldindan ro‘yxatdan o‘ting
Vaqti: 17-oktyabr — 15:00; 18-oktyabr — 18:00
Narxi: bepul
Manzil
«Поймай монстра»: mahluqchani taqib yuring

«Поймай монстра»: mahluqchani taqib yuring
Human Houseda bo‘yin yoki quloqqa taqsa bo‘ladigan mahluqcha yasashni taklif qilishmoqda: mahorat darsida yelim pistoleti yordamida kulon va sirg‘alar tayyorlanadi
Bir yarim soatda Xellouinga o‘zingiz yasagan taqinchoq tayyor bo‘ladi. Yoki mahluqchalarni yil bo‘yi yoqtirsangiz, dushanbaga ham taqib boravering. Mashg‘ulot rus tilida va 10 yoshdan boshlab qatnashish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish va bo‘sh joylar bor-yo‘qligini Human House’dan so‘rang
Vaqti: 17-oktyabr, 14:00–15:30
Narxi: 100 000 so‘m
Manzil
«Комики в искусстве»

«Комики в искусстве»
Umid Nurxonov va Aybek Hasanov san’atshunos Natalya Novikova bilan birga rangtasvir asarlarini muhokama qiladi: hazillashadi, bahslashadi va savollar beradi
San’at haqida gaplashgingiz kelsa-yu, jiddiy ma’ruza tinglash rejangizda bo‘lmasa, shu format mos tushishi mumkin. Uchrashuv Sahna Stand Up Clubda bo‘ladi
Vaqti: 17-oktyabr, 19:00–20:30
Narxi: 50 000–70 000 so‘m
Manzil
Siz qayerga borasiz?

Siz qayerga borasiz?
Bu dam olish kunlari o‘yin yaratuvchilari bilan suhbatlashishga, kanallar bo‘ylab sayrga va o‘zbek kinosiga vaqt topsa bo‘ladi. Yo‘nalishingizni tanladingizmi? Izohlarda yozing — ayniqsa, bizning ro‘yxatda yo‘q biror narsa topgan bo‘lsangiz
Tazikingiz pastdagi tugmada kutyapti. Dam olish kunlaringiz maroqli o‘tsin, pikselli miyov!