Xayrli tong, Toshkent! Bugun dushanba, 9-noyabr

Dam olish kunlari Milliy bog‘dagi ko‘l, yangi podstansiya va metan shoxobchalari haqida xabarlar chiqdi
Ularning ortidagi voqealarni ko‘rib chiqamiz, uy-joy bahosini tekshiramiz va hafta boshidagi oqshomlar uchun reja tuzamiz. Afishada multfilmlar, ko‘rgazma va opera bor; yana chorshanbadagi ikki tadbirga oldindan yozilish mumkin 🧡
Soyabon asqatadi

Dushanba kuni biroz yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda: kechasi taxminan +17 °C, kunduzi +20 °C.
Keyin havo ancha soviydi. O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, 9–11-noyabr kunlari Toshkent viloyatida yomg‘ir kutilmoqda, kunduzgi harorat esa asta-sekin +7…+12 °C gacha pasayadi.
Milliy bog‘dagi ko‘l qaytmoqda

Qonunchilik palatasi yonida 2020-yil bahorida quritilgan ko‘lni tiklash boshlandi. Hozir bu yerda yer ishlari ketmoqda.
Olti yil ichida bu joy uchun rejalar bir necha bor o‘zgardi. Qariyb uch gektarlik ko‘l o‘rnida avval restoran, keyin Milliy drama teatri qurilishi mo‘ljallangan edi. Ikkala loyiha ham to‘xtatildi.
Endi bu yerga yana suv qaytishi rejalashtirilmoqda: ko‘l shaharda 12 ta suv havzasi yaratish dasturiga kiritilgan.
Toshkent uchun yangi podstansiya ishga tushdi

7-noyabr kuni poytaxt va viloyatning bir qismini elektr bilan ta’minlaydigan «Halqa» podstansiyasi ishga tushirildi. Unga 285 kilometr elektr uzatish liniyalari tortildi.
Podstansiya Jahon banki 2021-yilda qo‘llab-quvvatlagan elektr tarmoqlarini yangilash dasturi doirasida qurildi.
Metan shoxobchalari ishiga cheklov qo‘yilishi mumkin

Kutilayotgan sovuq tufayli Energetika vazirligi metan shoxobchalari, jumladan, Toshkentdagilari ishiga cheklov kiritilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Gaz ta’minotida uylar, maktablar, bog‘chalar va shifoxonalarga ustuvorlik beriladi.
Cheklovlar zarur bo‘lsa, ish jadvallari hokimliklar bilan kelishilib, oldindan e’lon qilinadi.
Uyingiz qanday baholanganini tekshiring

Toshkentdagi ko‘chmas mulkni ommaviy baholash natijalari muhokamasi 4-dekabrgacha uzaytirildi. Uyingizning bahosini my.gov.uz yoki davreestr.uz orqali ko‘rib, shu yerning o‘zida izoh qoldirish mumkin.
Dastlab muhokamani 3-noyabrda yakunlash rejalashtirilgan edi. Murojaatlarda narxga e’tirozlar ham, ma’lumotlardagi xatolar ham qayd etilgan.
Qo‘shimcha bir oy uy-joy maydoni, xususiyatlari va bahosini tekshirishga asqatadi.
Milliy markaz izohiga ko‘ra, baholash natijalarining o‘zi huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.
O‘zbek multfilmlari oqshomi

Respublika bolalar kutubxonasida tanish va kam namoyish etiladigan o‘zbek multfilmlari ko‘rsatiladi. Farzandingiz bilan kinoklubga borib, o‘zingiz ham ilgari ko‘rmagan mahalliy animatsiya asarlari bilan tanishishingiz mumkin.
Qachon: 9-noyabr, 18:00–19:30
Qayerda: Bolalar kutubxonasi
Yosh: 6+
Ishtirok: ro‘yxatdan o‘tish kerak
Manzil
Toshkent fotosuratlar uyida ko‘rgazma

Seshanba kuni Zuhriddin Qiyomovning «Ko‘rinmas ufqlar sari» shaxsiy ko‘rgazmasi ochiladi. Kurator — Munis Nur.
Qachon: 10-noyabr, ochilish soat 18:00 da
Qayerda: Toshkent fotosuratlar uyi
Kirish: bepul
Manzil
«Alisher Navoiy» — bastakor yubileyiga

Navoiy teatrida Mustafo Bafoyevning shoir hayoti haqidagi operasi namoyish etiladi. Bu oqshom bastakor tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan: seshanba kuni teatrga borib, o‘zbek operasini tinglash uchun yaxshi imkoniyat.
Qachon: 10-noyabr, 19:00
Qayerda: Navoiy teatri
Til va yosh: o‘zbekcha, 12+
Chiptalar: 55 000 so‘mdan
manzil
Universitet vakillari bilan suhbatlashing

MY FAIR ko‘rgazmasida universitet vakillari bilan o‘qishga kirish, ta’lim dasturlari, o‘qish narxi va hujjatlarga qo‘yiladigan talablarni bevosita muhokama qilish mumkin.
Qachon: 11–12-noyabr, 10:00–14:00
Qayerda: AZIMUT Grand Hotel
Kirish: bepul, ro‘yxatdan o‘tish kerak
Manzil
Psixoterapiyaning chegaralari

PubMed uchrashuvida psixiatr Yekaterina Lyan psixoterapiya qachon kerakligi, uyqu, pul va yashash sharoiti ruhiy salomatlikka qanday ta’sir qilishi haqida gapiradi
Qachon: 11-noyabr, 19:00
Qayerda: «Ponayexali Hall», Matbuotchilar ko‘chasi, 17
Narxi: 100 000 so‘m, mehmonlar uchun ichimlik bor
Joy band qilish: +998 90 321-79-75
Manzil
Haftangiz ajoyib o‘tsin!

Siz-chi, qayerga bormoqchisiz? Izohlarda yozing — rejalarimizni solishtirish qiziq. Tazikni ham olib qo‘ying, bekorga yotmasin 🧡