Xayrli tong, Toshkent! Bugun 10-noyabr, seshanba

Shaharda issiqlik berila boshlandi, kvartira ijarasi bo‘yicha yangi ma’lumotlar chiqdi va qazilgan yo‘lak haqida xabar berishning yangi yo‘li paydo bo‘ldi.
Avtobuslarni xaritadan topamiz, bo‘sh idishlarni topshiramiz va qayerga borishni tanlaymiz 🧡
Yomg‘ir va +12…+14 °C

Seshanba kuni Toshkentda havo bulutli bo‘lib, yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, kechasi ham, kunduzi ham +12…+14 °C kutilmoqda. G‘arbiy shamol tezligi 10–12 m/soniyagacha kuchayishi mumkin.
Toshkentda issiqlik berila boshlandi

9-noyabr kuni shahardagi turar joylar va ijtimoiy muassasalarga issiqlik berish boshlandi. O‘tgan hafta e’lon qilingan sana keldi, lekin isitish bosqichma-bosqich yoqiladi: turli uylardagi batareyalar bir vaqtda isimaydi.
Uy hali ham sovuq bo‘lsa, qo‘llanmamiz asqatadi: qo‘shnilar va boshqaruv tashkilotidan nimalarni so‘rash, murojaatni qayerga yuborish va tekshiruvga qanday erishish mumkin.
Veolia dispetcherlik xizmati 1347 raqamida tun-u kun qo‘ng‘iroq qabul qiladi.
Kvartira ijarasi uchun qancha so‘ralmoqda

Oktabrda Toshkentda bir xonali kvartiraning median ijara narxi oyiga 500 dollar, ikki xonaliniki 650, uch xonaliniki 800 dollar bo‘lgan.
Ikki xonali kvartiralar bo‘yicha tumanlar orasidagi farq sezilarli: Yakkasaroyda median narx 800 dollar, Yangihayotda esa 450 dollar bo‘lgan. Ijarangizni bozor bilan solishtirsangiz yoki ko‘chishni rejalashtirsangiz, bu raqamlar mo‘ljal bo‘la oladi.
Qazilgan yo‘lak haqida xabar bering

Ta’mirdan keyin yopilmagan chuqur, to‘siqsiz qazish joyi yoki buzilgan yo‘lak — bunday murojaatlarni endi Yo‘l harakatini tashkil etish markazi boti qabul qiladi.
Botda «Отправить жалобу», so‘ng «Земляные и ремонтные работы на дорогах» bandini tanlang. Manzil, qisqa tavsif, ikkita surat va telefon raqami kerak bo‘ladi.
Markaz mutaxassislari xabarni ko‘rib chiqib, zarur bo‘lsa mas’ul tashkilotga yuboradi.
Avtobuslarni kuzatish uchun qulay servis endi iPhone’da ham

3TM’ning iPhone uchun versiyasi chiqdi. Xaritada avtobuslarni kuzatish, yo‘nalishlarni ko‘rish va bekatga taxminan qachon kelishini bilish mumkin.
Servis Toshkentda o‘n yildan beri ishlaydi; dasturchilar iOS ilovasini shu sanaga bag‘ishlab chiqardi. Ilova rus va o‘zbek tillarida ishlaydi, iOS 17 yoki undan yangi versiya kerak.
Bo‘sh idishlarni topshiramiz

Ekologiya qo‘mitasi binosi oldida fandomat ishga tushdi: u plastik va shisha butilkalar hamda alyuminiy bankalarni qabul qiladi. Har bir idish uchun 150 so‘m hisoblanadi. Idishlar bo‘sh, toza, ezilmagan va hajmi uch litrgacha bo‘lishi kerak.
Pulni olish uchun Click’dagi fandomatlar bo‘limini ochib, qurilmadagi QR-kodni skanerlang. Idishlar qabul qilingach, pulni hamyonga o‘tkazish yoki «Yashil makon» loyihasiga xayriya qilish mumkin.
SAHNA’da yangi hazillar

Ochiq mikrofonda tajribali komiklar ham, endi boshlayotganlar ham chiqadi. Bu yerda yangi material sinab ko‘riladi: hazilni katta konsertga kirishidan oldin eshitishingiz mumkin. Kechani Daniel Musayelov olib boradi.
Qachon: 10-noyabr, 19:00
Qayerda: SAHNA Stand Up Club, Matbuotchilar ko‘chasi, 17
Til: ruscha
Chiptalar: 20 000 so‘mdan
Manzil
Me’morchilikda davrlar izi

Tarixchi va madaniyatshunos Aleksey Arapov «Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekning me’moriy portretlari» mavzusida ma’ruza qiladi. Ma’ruzada ikki hukmdor bilan bog‘liq obidalar va ularning me’morchiligi o‘sha davr haqida nimalarni aytib berishi muhokama qilinadi.
Qachon: 11-noyabr, 15:00
Qayerda: O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi, Buyuk Turon ko‘chasi, 2
Til: ruscha
Kirish: bepul
Manzil
«Ilhom»da «Ikki tosh haqida ertak»

Natalya Lining «Ikki tosh haqida ertak» spektaklida ikki tosh yonma-yon qanday yashashni tushunishga urinadi. Shu oddiy voqea ortida farqlar, to‘qnashuv va kelishish imkoniyati haqidagi hikoya bor. Sahnada Olga Volodina va Boris G‘afurov.
Qachon: 11-noyabr, 19:00
Qayerda: «Ilhom» teatri, Paxtakor ko‘chasi, 5
Yosh: 16+
Chiptalar: 150 000–180 000 so‘m
Muhim: spektakl boshlangach, zalga kiritilmaydi
Manzil
«Klyov»: vaqtni saqlaydigan buyumlar

Haqiqiy’da «Klyov» ko‘rgazmasi davom etmoqda. Uning installyatsiyasi xotira haqida: bitta tanish buyum butun bir davrni, unga bog‘liq odat va hislarni yodga solishi mumkin.
Kirib, sizda qanday xotira va taassurotlar uyg‘onishini ko‘rsangiz bo‘ladi.
Qachon: 15-noyabrgacha
Qayerda: Haqiqiy, Parkent ko‘chasi, 115
Manzil
Bugungi yangiliklar shular

Yo‘lingiz qisqa, batareyalaringiz issiq bo‘lsin, kechqurun esa rejalaringizga vaqt topilsin.
Qayerga borishni o‘ylayotganingizni izohlarda yozing va o‘qiganingiz uchun tazikni olib qo‘ying. 🧡