Xayrli tong, Toshkent! Bugun payshanba, 12-noyabr

Xayrli tong, Toshkent! Bugun payshanba, 12-noyabr

Dam olish kunlarigacha yana ikki kun bor, lekin yaxshi rejalar hozirdanoq tayyor! Bugun shaharning kelajagini muhokama qilish, o‘zbek kinosining klassikasini ko‘rish yoki o‘z atiringizni yaratish mumkin.

Payshanba yomg‘irsiz o‘tadi

Payshanba yomg‘irsiz o‘tadi

Yomg‘irli kunlardan keyin Toshkentda yog‘ingarchilik kutilmayapti. O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, kunduzi +10…+12°, kechasi esa 0…+2° bo‘ladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.

Shimoli-sharqdan 3–8 m/s tezlikda shamol esadi. Kechki sayrga issiq sharf juda asqatadi.

Aeroportda telefonlarni rasmiylashtirish tiklandi

Aeroportda telefonlarni rasmiylashtirish tiklandi

Toshkent aeroportida telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tiklandi. Tekshiruv uchun olib qolingan qurilmalar ham qaytarila boshlandi. Endi aeroportda UzIMEI mutaxassislari doimiy ishlaydi.

Bir kun avval bojxona yangi telefonlar va mahalliy operatorlar tarmog‘ida hali ishlatilmagan qurilmalarni rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatilganini tasdiqlagan edi — ularning IMEI-kodlari tekshirilgan.

IMEI ro‘yxatdan o‘tganini saytda tekshirish mumkin. Qurilma kodini ko‘rish uchun *#06# ni tering.

Yo‘l haqini to‘lamaganlik uchun qariyb 139 ming bayonnoma

Yo‘l haqini to‘lamaganlik uchun qariyb 139 ming bayonnoma

Transport vazirligi Toshkent avtobuslarida yanvar–oktabr oylarida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalarini e’lon qildi: yo‘l haqini to‘lamaganlik uchun 138 780 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Bayonnomalarning 70,4 foizi 18–30 yoshdagi yo‘lovchilarga, yana 22 foizi 16–17 yoshdagilarga to‘g‘ri kelgan.

Yangi Toshkentdagi yirik loyihalarga soliq imtiyozlari

Yangi Toshkentdagi yirik loyihalarga soliq imtiyozlari

Yangi Toshkent va boshqa alohida belgilangan hududlardagi yirik shaharsozlik loyihalari uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi. Bunday loyiha uchun eng kam investitsiya hajmi — 50 mln dollar.

Imtiyoz olgan kompaniyalar loyihada foydalaniladigan obyektlar bo‘yicha yer va mol-mulk solig‘idan 20 yilga ozod qilinadi. Obyektlarni sotish va ijaraga berishdan olingan foydaga 5–15 yil davomida 1 foizlik stavka qo‘llanadi — muddat to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hajmiga bog‘liq.

Universitetlardan grantlar va qabul haqida so‘rang

Universitetlardan grantlar va qabul haqida so‘rang

Xorijda o‘qishni o‘ylayotgan bo‘lsangiz, bugun MY FAIR ko‘rgazmasining so‘nggi kuni. Universitet vakillari bilan gaplashib, saytdan topish qiyin bo‘lgan tafsilotlarni so‘rash mumkin: grant qaysi xarajatlarni qoplaydi, turar joy qancha turadi va qanday hujjatlar kerak bo‘ladi.

Qachon: 12-noyabr, 10:00–14:00 va 17:00–20:00
Qayerda: Amir Temur shohko‘chasi, 107A
Kirish: bepul, ro‘yxatdan o‘tish kerak

Kechki sessiya uchun tashkilotchi shaklda «Родитель» (ota-ona) toifasini tanlashni so‘raydi.

Manzil

Balki o‘z podkastingizni yozish vaqti kelgandir?

Balki o‘z podkastingizni yozish vaqti kelgandir?

Birinchi podkast uchun mikrofon sotib olish shart emas. Respublika bolalar kutubxonasida bepul studiya bor. U yerda intervyu, ovozli matn yoki boshqa notijorat ta’limiy va ijodiy audioloyihani yozish mumkin, xodimlar esa uskunalarni sozlashga yordam beradi.

Qayerda: Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 47
Yosh: 8+
Shartlar: sessiya 50 daqiqa, oyiga ko‘pi bilan bitta loyiha

Arizada g‘oyangiz haqida yozing. Menejer o‘n ish kuni ichida javob beradi: yozuv vaqtini taklif qiladi yoki loyiha tafsilotlarini aniqlashtiradi.

Manzil

Shahar kelajagi qanday rejalashtirilishini muhokama qilish mumkin

Shahar kelajagi qanday rejalashtirilishini muhokama qilish mumkin

Kecha xabar berganimiz — Urban Lab’ning «Master-plan nima?» mavzusidagi muhokamasi bugun bo‘ladi. Master-planlar qanday tuzilishi, ularni kim ishlab chiqishi va ular shahar hayotida nimalarni o‘zgartirishi haqida gaplashiladi. Savollar berish ham mumkin.

Qachon: 12-noyabr, 17:00–19:00
Qayerda: Sharof Rashidov ko‘chasi, 16
Kirish: erkin

Manzil

Stol o‘yinlari bilan o‘tadigan oqshom

Stol o‘yinlari bilan o‘tadigan oqshom

Fransuz alyansida stol o‘yinlari oqshomi bo‘ladi. Har qanday darajadagi ishtirokchilarni taklif qilishmoqda — yolg‘iz borib ham o‘yin davomida yangi odamlar bilan tanishish mumkin.

Qachon: 12-noyabr, 18:30
Qayerda: Zulfiya xonim ko‘chasi, 120/2
Kirish: erkin

Manzil

La Commune bilan tanishing

La Commune bilan tanishing

Yangi La Commune kino hamjamiyati Shuhrat Abbosovning «Mahallada duv-duv gap» filmi bilan ochiladi. Dasturda o‘zbek kinosi tarixi haqida suhbat va komediyaning asl tilida, subtitrlar bilan namoyishi bor. Uchrashuv rus tilida olib boriladi.

Qachon: 12-noyabr, 19:00
Qayerda: Minor mavzesi, 88
Narxi: 70 000 so‘m, yeguliklar kiritilgan; uchta va undan ko‘p chipta olinsa — 20% chegirma
Yozilish: tashkilotchilarga

Manzil

Yana o‘z atiringizni yaratish ham mumkin

Yana o‘z atiringizni yaratish ham mumkin

Human House’dagi «O‘zimga o‘zim parfyumer» mahorat darsida o‘z atiringizni yaratib ko‘rish mumkin.

Qachon: 12-noyabr, 19:00
Qayerda: Kichik Mirobod ko‘chasi, 43
Narxi: 210 000 so‘m
Yozilish: @hhuzevent, +998 90 061-40-56

Manzil

Yoki bugungi Dushanbega bir nazar tashlash

Yoki bugungi Dushanbega bir nazar tashlash

NOMSIZ festivali Danila Lipatov va Karen Zimmermannning zamonaviy Dushanbe madaniy muhiti haqidagi «Рожки в стекле» filmi bilan boshlanadi.

Namoyish va muhokamaga filmning ayrim qahramonlari ham qo‘shiladi — ular bilan Dushanbe va suratga olish jarayoni haqida gaplashish mumkin.

Qachon: 13-noyabr, 19:00
Qayerda: moc hub, Buyuk Turon ko‘chasi, 77
Kirish: bepul, ro‘yxatdan o‘tish shart emas

Manzil

Ertagacha!

Ertagacha!

Rejalarni saqlab qo‘ying, anchadan beri birga sayrga chiqmoqchi bo‘lgan do‘stlaringizni taklif qiling va o‘qiganingiz uchun tazikni oling. Ko‘rishguncha 🧡