Xayrli tong, juma

Toshkentda kanallar qishga tayyorlanmoqda, me’morlar qurilish rejalarini aholi bilan muhokama qilishni taklif etmoqda. Konsert reklamasini beruvchilarga esa afishalarda ijro shaklini ko‘rsatish kerakligi eslatildi. Payshanba yangiliklarini jamladik.
Dam olish kunlari uchun ham rejalar bor: X-Places bilan sayrlar, o‘zbek kinosi klassikasi, yangi ko‘rgazma va bolalar uchun koinot haqidagi mashg‘ulot.
Shamolli oqshomdan keyin +24 gacha

Payshanba oqshomida hokimlik Toshkentda kuchli shamol kuzatilayotganini ma’lum qildi.
O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +22…+24 °C, shamol tezligi 3–8 m/s.
Kanallar qishga tayyorlanmoqda

Hokimlik sug‘orish mavsumi tugagach, shahardagi umumiy uzunligi 97 km bo‘lgan 21 ta kanalga suv berish bosqichma-bosqich to‘xtatilishini e’lon qildi. Kuz va qishda o‘zanlar tozalanadi, qirg‘oqlar mustahkamlanadi, gidrotexnika inshootlari keyingi mavsumga qadar ta’mirlanadi.
Hokimlik Salordagi ishlar haqida ham alohida xabar berdi: Mirzo Ulug‘bek tumanida 2,7 km sayr hududini obodonlashtirish davom etmoqda. Hozir qirg‘oq bo‘ylab to‘siqlar o‘rnatilyapti, loyiha bo‘yicha yo‘laklar va yoritish chiroqlari ham bo‘ladi. Avval kanalning boshqa qismlarida 9,9 km hudud obodonlashtirilgan.
Shaharni rejalashtirishda nimalarni o‘zgartirish taklif etilmoqda

“Gazeta” 12-noyabr kuni Urban Lab’da bo‘lib o‘tgan munozaradan reportaj e’lon qildi. Me’morlar binolar balandligini o‘zgartirish va qurilishni boshlashdan oldin mahalla ehtiyojlarini qanday hisobga olish haqida gaplashdi.
Yangi Toshkent bosh me’mori Umidjon Fayziyev master-rejalarni jamoatchilik bilan muhokama qilish uchun kamida 30 kun ajratishni taklif etdi. U, shuningdek, loyihada va’da qilingan natijalarni qurilish yakunlari bilan ochiq taqqoslashni taklif qildi. Masalan, maktabda rejalashtirilgan o‘rinlar sonini amalda yaratilgan o‘rinlar bilan solishtirish mumkin.
Afishada ijro qanday bo‘lishi yozilishi kerak

Raqobat qo‘mitasi ijro shakli ko‘rsatilmagan 27 ta konsert reklamasini aniqladi. Ular orasida G‘aybulla Tursunovning Toshkentdagi Humo Arena’da bo‘ladigan chiqishi reklamasi ham bor. Reklama beruvchilarga ogohlantirish yuborilgan.
Bu talab 2025-yildan beri amal qiladi. Tomoshabinga oldindan ijro jonli bo‘ladimi, fonogramma bilan jonli ovozda kuylanadimi yoki dastur fonogramma orqali ijro etiladimi — aytilishi kerak.
Dam olish kunlariga kutubxonadan kitob

Respublika bolalar kutubxonasida bepul kitobxonlik bileti olib, uchtagacha kitobni o‘n kungacha uyga olish mumkin. Qoidalarga ko‘ra, buning uchun Toshkentda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lish kerak. Vaqtinchalik ro‘yxat muddati kamida ikki hafta bo‘lishi kerak; kitoblarni shu muddat tugaguncha qaytarish lozim. Ro‘yxatsiz kutubxona zallarida o‘qish mumkin.
Kitobxonlik biletini shaxs va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan rasmiylashtirish mumkin. 16 yoshgacha bo‘lgan bolani qonuniy vakili o‘z hujjati bilan ro‘yxatdan o‘tkazadi. Nodir va ma’lumotnoma nashrlari kutubxonada qoladi.
“Ey, biz bormiz!”

Aziz Nesin asari asosidagi “Ey, biz bormiz!” spektakli qahramonlari turmush o‘rtoqlaridan erta ayrilgan va yolg‘izlikni yengishga urinadi. Kulgili vaziyatlar orqali ularning fe’l-atvori va baxtli bo‘lish istagi ochiladi.
Qachon: 20-noyabr, 17:00–18:30
Qayerda: O‘zbekiston davlat drama teatri, Uyg‘ur ko‘chasi, 2
Yosh: 18+
Narxi: 77 000–88 000 so‘m
Chiptalar: iTicket
Manzil
Juma kuni NOMSIZ’da ikkita namoyish

NOMSIZ’ning juma dasturida Avstraliya tub xalqlari vakillaridan tashkil topgan Karrabing Film Collective’ning ikki filmi bor. Mualliflar o‘z jamoasi hayotini satira orqali hikoya qiladi. Keyin esa oilaviy suhbatlar, birgalikdagi safarlar va do‘stlik haqidagi filmlardan iborat “Muloqotda” dasturi boshlanadi.
Qachon: 20-noyabr, 18:30 — Karrabing; 20:00 — “Muloqotda”
Qayerda: moc hub, Buyuk Turon ko‘chasi, 77
Karrabing tili: inglizcha, ruscha subtitrlar bilan
Kirish: bepul, ro‘yxatdan o‘tish shart emas
Manzil
Shanba X-Places bilan

X-Places ikkita shahar ekskursiyasini rejalashtirgan. Ertalab ICHKARI muzeyi asoschilari Maqsud Asqarov va Fotima Orifjonova an’anaviy o‘zbek uyi va oilaviy turmush haqida so‘zlab beradi. Kunning ikkinchi yarmida Rustam Husanov Chilonzorda ko‘cha rassomi Inkuzart asarlarini ko‘rsatadi.
Qachon: 21-noyabr, ertalab va kunning ikkinchi yarmida
Qayerda: ICHKARI muzeyi va Chilonzor, ikkita alohida ekskursiya
Ishtirok: X-Places hamjamiyati uchun; unga a’zo taklifi bilan qo‘shilish mumkin
“Globus”da Quyosh tizimi

“Quyosh tizimi” mashg‘ulotida bolalar kun va tun almashinuvini modellashtiradi, fasllarni o‘rganadi, sayyoralar va yulduzlar qanday paydo bo‘lishini bilib oladi.
Qachon: 21 va 22-noyabr, 10:00, 12:00, 14:00 va 16:00; 22-noyabr kuni 18:00 da ham
Qayerda: “Globus” markazi, Sharof Rashidov shohko‘chasi, 40
Guruhlar: 5–7, 8–10 va 11–14 yosh
Narxi: 170 000 so‘m; bir oiladan bir nechta bola qatnashsa, har biriga 160 000 so‘m
Yozilish: oldindan
Manzil
“Jamiyat ma’qullagan”

Qanday ko‘rinish, kimni sevish, nimaga erishish — boshqalarning bizdan kutganlari bolalikdan hamrohimiz. Haqiqiy’da ochilayotgan “Jamiyat ma’qullagan” guruh ko‘rgazmasi shu mavzuga bag‘ishlangan.
Qachon: ochilish — 21-noyabr, 16:00; 22-noyabr — 11:00–19:00
Qayerda: Haqiqiy, Parkent ko‘chasi, 115
Kirish: bepul
Manzil
CCA’da o‘zbek kinosi klassikasi

Zamonaviy san’at markazi tanaffusdan keyin ishini qayta boshlamoqda va o‘zbek kinosi klassikasi turkumini ochmoqda. Shanba kuni Nabi G‘aniyevning 1945-yilda suratga olingan muhabbat qissasi — “Tohir va Zuhra” namoyish etiladi. Yakshanba kuni esa Komil Yormatovning shoir va mutafakkir haqidagi 1947-yilgi “Alisher Navoiy” filmi ko‘rsatiladi.
Qachon: 21 va 22-noyabr, 18:00
Qayerda: CCA, Amir Temur ko‘chasi, 6, B bino, auditoriya
Kirish: erkin
Manzil
Rejalar tayyor

O‘qiganingiz uchun tazikni oling va bu dayjestni birga sayrga chiqmoqchi bo‘lgan odamingizga yuboring 🧡