Shanbani rejalardan boshlaymiz

Metroda yo‘lovchilar ko‘paydi, Grand Mir ortidagi maydon sotilmaydi, dushanbadan esa ikki avtobus Yangi Toshkentdagi universitetgacha boradi.
Dam olish kunlariga siz uchun organ konserti, X-Places bilan shahar bo‘ylab sayr, teatr va mahorat darslarini topdik. Endi hammasini birma-bir o‘qib chiqamiz.
Iliq shanba

O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, Toshkentda kunduzi +19…+21 °C, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqdan 3–8 m/s tezlikda shamol esadi.
Metroda yo‘lovchi oqimi 20 foizga oshdi

Sentabr va oktabrda Toshkent metrosida 61,7 million yo‘lovchi tashildi. O‘tgan yili shu ikki oyda metrodan 51,4 million yo‘lovchi foydalangan. Yo‘lovchi oqimi 20 foizga oshdi.
Sig‘imni oshirish uchun mavjud 40 ta tarkibga beshinchi vagon qo‘shish rejalashtirilgan. Yana 28 ta besh vagonli poyezdni 2027–2028-yillarda xarid qilishmoqchi.
Hozircha metropoliten yo‘lovchilardan ikkinchi va uchinchi vagonlarga ham chiqishni so‘ramoqda: shunda odamlar tarkib bo‘ylab bir tekisroq joylashadi.
Grand Mir ortidagi maydon sotilmaydi

Internetda Grand Mir mehmonxonasi ortidagi yerni qurilish uchun sotish haqida e’lon paydo bo‘ldi. Gap mahalladagi bolalar va oilalar dam oladigan obodonlashtirilgan maydon haqida ketgan.
Yakkasaroy tumani hokimligi e’lonni asossiz deb atadi. Tuman vakillari e’lonni joylagan kishi bilan bog‘landi, shundan so‘ng e’lon o‘chirildi.
AI-80 nega yana birjada paydo bo‘ldi?

2025-yilda O‘zbekistonda avtomobillardan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish uchun AI-80’dan voz kechish boshlandi. Sentabrda «O‘zbekneftgaz» uni birjaga chiqarishni to‘xtatdi. 1-dekabrdan esa inspektorlarga bu benzin yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotilmasligini nazorat qilish topshirildi. 19-noyabrda iqtisodchi Otabek Bakirov AI-80 yana savdoga chiqarilganiga e’tibor qaratdi.
Birjaga chiqarilgan AI-80 partiyasini faqat litsenziyaga ega qayta ishlovchilar sotib olishi mumkin, deya izoh berdi Energetika vazirligi. Benzin yuqori oktanli yoqilg‘i va boshqa kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan.
AI-80’ni yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotishga qo‘yilgan cheklovlar o‘z kuchida qoladi.
137- va 197-sonli avtobuslar universitetgacha boradi

23-noyabr, dushanbadan boshlab 137- va 197-sonli avtobuslar hozirgi oxirgi bekat — «Yangi Toshkent»dan Energetika vazirligi ko‘chasi bo‘ylab Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti bekatigacha qatnaydi.
137-avtobus Yangi Qo‘yliq ko‘chasidan, 197-avtobus esa «O‘zbekiston» mehmonxonasidan qatnaydi.
Yo‘lak kutilmaganda tugab qoldimi?

Qulay Shahar xaritasida piyodalar uchun noqulay joylar belgilangan. Ayrim joylarda yo‘lak buzilgan, boshqalarida pandus yoki yo‘lakning o‘zi yo‘q. Xaritani aholining o‘zi to‘ldiradi.
Bunday joyni suratga olib, u haqidagi xabar bilan @sharoit_bot’ga yuborish mumkin, lekin surat xaritaga qo‘shilishidan oldin tekshiriladi.
Muammo hal bo‘lguncha belgi xaritada qoladi, deydi loyiha mualliflari.
Shisha idishga ikkinchi hayot

Human House mahorat darsida shisha butilkadan stakan, guldon yoki shamdon yasash mumkin.
Qachon: 21-noyabr, 10:00
Qayerda: Human House, Kichik Mirobod ko‘chasi, 43
Narxi: 200 000 so‘m, materiallar va asboblar kiritilgan
Yozilish: @hhuzevent
Manzil
O‘z shahrini chizish

«Shaharni xaritalash» mashg‘ulotida bolalar Ester Sheynfeld bilan shaharni kuzatib, uning xaritasini chizadilar.
Qachon: 21-noyabr, 14:00–15:00
Qayerda: CCA Tashkent, Amir Temur ko‘chasi, 6, B bino
Yosh: 5+
Yozilish: CCA saytida
Manzil
Chilonzorda ko‘cha san’atini izlab

X-Places Rustam Xusanov bilan kunduzgi sayrga taklif qilmoqda. Ishtirokchilar Chilonzor mavzelarida Inkuzartning ko‘cha rasmlarini izlab, pandemiya paytida ular shaharda qanday shuhrat qozonganini bilib olishadi.
Qachon: 21-noyabr, kunduzi
Qayerda: Chilonzor
Ishtirok: X-Places hamjamiyati a’zolari uchun; guruhda bo‘lmasangiz, a’zolardan biri sizni taklif qilishi mumkin
Organ musiqasi oqshomi

Munira Aminova va Bobir Mirsaidov Niver, Bax, List, Gilman va Reger asarlarini ijro etadi. Bir oqshomda organ repertuari turli davrlarda qanday o‘zgarganini eshitish mumkin.
Qachon: 21-noyabr, 19:00
Qayerda: Konservatoriyaning organ zali, Botir Zokirov ko‘chasi, 1
Yosh: 12+
Narxi: 110 000–165 000 so‘m
Chiptalar: iTicket
Manzil
G‘alati joydagi uch notanish

Luidji Lunarining «Uchov arg‘imchoqda» pyesasi qahramonlari bir joyda uchrashib, asta-sekin qayerga kelib qolganiga shubhalana boshlaydi. Mixail Doloko spektaklini Teatr+ sahnasida dam olish kunlarining har ikki oqshomida ko‘rish mumkin.
Qachon: 21 va 22-noyabr, 19:00
Qayerda: Teatr+, Matbuotchilar ko‘chasi, 17
Yosh: 14+
Narxi: 50 000 so‘mdan
Chiptalar: teatr saytida
Manzil
Mumi-trollar teatr topadi

Mumi-trollarning uyini suv bosgach, oila suzuvchi teatrga ko‘chib o‘tadi. Tuve Yanssonning «Xavfli yoz» asari asosidagi «Mumi-troll va suzuvchi teatr» spektaklida Ilya Neboslov ovozini o‘zgartirib, barcha qahramonlarni o‘zi ijro etadi.
Qachon: 22-noyabr, 14:00
Qayerda: Human House, Kichik Mirobod ko‘chasi, 43
Narxi: ixtiyoriy badal
Yozilish: @hhuzevent
Manzil
Aka-uka va xatarli ish

Jeyms Greyning «Qog‘oz yo‘lbars» kriminal dramasida aka-uka — muhandis va sobiq politsiyachi — xatarli ishga aralashib qoladi. Voqealar 1986-yilgi Nyu-Yorkda kechadi.
Qachon: 21 va 22-noyabr, 17:00 va 20:40
Qayerda: Riviera Cinema, Nurafshon ko‘chasi, 4
Yosh: 18+
Narxi: 17:00 — 50 000 so‘m; 20:40 — 60 000 so‘m
Chiptalar: shanba / yakshanba
Manzil
Qayerga boramiz?

Izohlarda birga sayr qilishga kelishib olishingiz yoki afishadan nimani tanlaganingizni aytishingiz mumkin. O‘qiganingiz uchun tazik esa sizni kutmoqda 🧡