25.11: Anhor ustida uchta ko‘prik va muzeyda jaz

25.11: Anhor ustida uchta ko‘prik va muzeyda jaz

Chilonzorda Anhor bo‘yida sayr hududi qurilyapti, metropoliten esa eski vagonlardagi darchalarni nega ochiq qoldirish kerakligini tushuntirdi. Ipoteka subsidiyasiga ariza topshirmoqchi bo‘lsangiz, qabul bugun soat o‘nda boshlanadi.

Kechqurun muzeyda jaz tinglash mumkin, shanbaga esa «Nasriddin Buxoroda» filmini mo‘ljallab qo‘ying.

Yomg‘irdan keyin havo iliydi

Yomg‘irdan keyin havo iliydi

Chorshanba kuni Toshkentda kunduzi +20…+22 °C bo‘ladi. Havo o‘zgaruvchan bulutli, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3–8 m/s tezlikda esadi. O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, juma kuni kunduzi havo +10…+15 °C gacha salqinlashadi.

Anhor ustida uchta ko‘prik

Anhor ustida uchta ko‘prik

Chilonzorda Anhorning Bunyodkor shohko‘chasi va Naqqoshlik ko‘chasi orasidagi qirg‘oqlari obodonlashtirilyapti. Kanalning 1,7 kilometrlik shu qismida o‘zanning 500 metrdan ortig‘i betonlandi.

Kanal bo‘ylab piyodalar va velosipedchilar uchun jami 3,4 km yo‘lak quriladi, loyihada ikki qirg‘oqni bog‘lovchi uchta ko‘prik hamda 500 dan ortiq daraxt va buta ko‘chatini ekish ko‘zda tutilgan. Ishlarni 2027-yil may oyida tugatish rejalashtirilgan.

Nega metroda darchalarni ochishadi?

Nega metroda darchalarni ochishadi?

Toshkent metropoliteni yo‘lovchilardan eski vagonlardagi darchalarni ochiq qoldirishni so‘radi. Bu poyezdlarda konditsioner yo‘q, darchalar esa havo almashinuvi uchun kerak.

Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, bunday poyezdlar parkning qariyb uchdan birini tashkil etadi.

Avtobusga chiqqanda yo‘l haqini to‘lang

Avtobusga chiqqanda yo‘l haqini to‘lang

1–22-noyabr kunlari Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamaganlik uchun 19 457 ta bayonnoma tuzildi. 18–21-noyabr kunlari nazoratchilar yettita yo‘nalishda, jumladan, 8, 11 va 28-yo‘nalishlarda 1 228 ta bayonnoma rasmiylashtirdi.

Transport vazirligi yo‘l haqini avtobusga chiqishingiz bilan to‘lashni so‘rayapti. Bir martalik qog‘oz chipta olgan bo‘lsangiz, kirishda uning QR-kodini validatorga tuting.

O‘zbek filmlari bitta platformaga jamlanadi

O‘zbek filmlari bitta platformaga jamlanadi

21-noyabrdagi farmonga ko‘ra, 2028-yil yanvarigacha O‘zbekfilm onlayn platformasi ishga tushiriladi. 1-yanvardan davlat mablag‘iga suratga olingan filmlar va davlat arxivlaridagi kino asarlarining raqamli nusxalari platformaga topshiriladi. Xususiy studiyalar filmlarini shartnoma asosida joylashtira oladi.

Farmonda Toshkentda bolalar uchun kino ijodkorligi maktabini ochish ham ko‘zda tutilgan.

Ipoteka subsidiyasiga arizalar soat o‘ndan qabul qilinadi

Ipoteka subsidiyasiga arizalar soat o‘ndan qabul qilinadi

Bugun soat 10:00 da ipoteka subsidiyalariga qo‘shimcha ariza qabuli boshlanadi. Arizalar avvalgi qabuldan qolgan limitlar doirasida olinadi.

Arizani my.gov.uz portali, myGov ilovasi yoki Davlat xizmatlari markazi orqali yuborish mumkin. Kredit tarixini tekshirishga OneID orqali rozilik berish kerak.

Sirk arenasida akrobatlar

Sirk arenasida akrobatlar

«Buyuk Ipak yo‘li» festivaliga O‘zbekiston, Meksika, Malayziya, Vengriya va boshqa mamlakatlardan artistlar keladi. Dasturda akrobatika va gimnastika chiqishlari bor.

Qachon: 25–27-noyabr, 17:00–19:30
Qayerda: Davlat sirki, Xadra maydoni, 1
Yosh: 3+
Narxi: 150 000–350 000 so‘m
Chiptalar: onlayn

Manzil

ICHKARI muzeyida jaz

ICHKARI muzeyida jaz

Elina Sattarova Yegor Vinnikovning fortepiano jo‘rligida kuylaydi. «Jaz xitlari va ularning hikoyalari» dasturida Moon River, Summertime va Over the Rainbow bor.

Qachon: 25-noyabr, 19:00
Qayerda: ICHKARI, Belariq, 30A
Yosh: 12+
Narxi: 250 000 so‘mdan
Chiptalar: onlayn

Manzil

«Ilhom» sahnasida Steynbek

«Ilhom» sahnasida Steynbek

Kaliforniyaning Monterey shahrida to‘rt do‘st bir uyda yashaydi va turli sarguzashtlarga duch keladi. Steynbek qissasi asosidagi «Tortilya-Flet kvartali» myuziklini Mark Vayl sahnalashtirgan. U ilk bor 1995-yil yanvarida «Ilhom»da namoyish etilgan.

Qachon: 26-noyabr, 19:00
Qayerda: «Ilhom» teatri, Paxtakor ko‘chasi, 5
Yosh: 14+
Narxi: 150 000 yoki 180 000 so‘m
Davomiyligi: tanaffus bilan 3 soat 30 daqiqa
Chiptalar: onlayn

Manzil

Juma kuni KALEO

Juma kuni KALEO

Islandiyalik guruh A/B albomining o‘n yilligiga bag‘ishlangan tur bilan keladi. Way Down We Go va No Good shu albomda chiqqan.

Qachon: 27-noyabr, 19:00
Qayerda: Humo Arena, Beshyog‘och, 28B
Yosh: 16+
Narxi: 250 000 so‘mdan
Chiptalar: onlayn

Manzil

«Nasriddin Buxoroda» katta ekranda

«Nasriddin Buxoroda» katta ekranda

Yakov Protazanov filmida Nasriddin kulol va uning qiziga yordam berish uchun sudxo‘r bilan amirni dog‘da qoldiradi. 1943-yilgi komediya shanba kuni «Mumtoz o‘zbek kinosi» dasturida namoyish etiladi.

Qachon: 28-noyabr, 18:00
Qayerda: CCA Tashkent, B binosi, auditoriya, Amir Temur, 6
Kirish: erkin

Manzil

Bugungi tog‘ora

Bugungi tog‘ora

Tog‘orani oling. Jazga borsangiz, Summertime noyabrda qanday yangrashini izohlarda aytib bering 🧡