26.11: Bo‘zsuvdagi tekshiruv va maktabga tayyorlov yili

Uchtepada ko‘l barpo etilmoqda. Bo‘zsuvdagi tekshiruv kanalga yetarlicha tozalanmagan suv tushganini ko‘rsatdi. Deputatlar maktabga tayyorlov bo‘yicha o‘zgarishlar haqidagi qonunni Senatga yubordi.
Kechqurun kamer musiqasini tinglash mumkin. Dam olish kunlari Human House’da qozoq kashtalarini tomosha qilamiz yoki markazning eski ko‘chalarida sayrga chiqamiz.
Kechgacha iliq

Toshkentda kunduzi +23…+25 °C, havo o‘zgaruvchan bulutli bo‘ladi. O‘zgidromet kechqurun yomg‘ir kutmoqda, shamol tezligi 12–14 m/s gacha yetishi mumkin. Uyga kech qaytsangiz, soyabon oling.
Bo‘zsuv tozalash inshootida nimalar aniqlandi?

Hid bo‘yicha shikoyatlardan so‘ng ekopolitsiya Bo‘zsuv tozalash inshootini tekshirdi. Toshkentning maishiy oqova suvlarini qabul qiladigan inshoot shahar tashqarisida, Zangiota tumanida joylashgan.
Tekshiruvda tozalash samaradorligi 47,6–51,5 foiz ekani aniqlandi, me’yor 70 foiz. Yetarlicha tozalanmagan suv Bo‘zsuv kanaliga tushgan.
Uchtepada ko‘l barpo etilmoqda

Qo‘rg‘ontepa mahallasida sun’iy ko‘l barpo etilmoqda. Atrofida yugurish va velosiped yo‘laklari, ayvonchalar hamda bolalar maydonchalarini qurish rejalashtirilgan.
Loyihada ko‘kalamzor uchun 2 000 kvadrat metr ajratilgan. Hokimlik ishlar haqida 25-noyabr kuni xabar berdi.
Tayyorlov yilini maktab ta’limiga qo‘shishmoqchi

Qonunchilik palatasi tayyorlov yilini umumiy o‘rta ta’lim tarkibiga qo‘shish haqidagi qonunni qabul qildi. Tayyorlovdan keyin bolalar avvalgidek birinchi sinfdan o‘n birinchi sinfgacha o‘qiydi.
Tayyorlov mashg‘ulotlari bog‘cha va maktablarda o‘tkazilishi mumkin. Hujjat Senatga yuborildi.
Issiq suv to‘lovi oshsa, hisoblagich ko‘rsatkichlarini tekshiring

Kvitansiyadagi summa odatdagidan yuqori bo‘lsa, shu oydagi hisoblagich ko‘rsatkichlari yetib borganini tekshiring. Veolia eslatishicha, ko‘rsatkichlar kelmasa, to‘lov o‘rtacha oylik sarfga qarab hisoblanadi.
Ko‘rsatkichlarni Veolia boti orqali yuborish mumkin.
Bir oqshomda Shostakovich, Keyj va Pyatssolla

«XX asr palitrasi» konsertida konservatoriya ansambllari Shostakovich, Keyj va Pyatssolla asarlarini ijro etadi. XX asr musiqasi qanchalik turfa bo‘lganini bir oqshomda eshitish mumkin.
Qachon: 26-noyabr, 19:00–20:40
Qayerda: Konservatoriyaning Organ zali, Botir Zokirov ko‘chasi, 1
Yosh: 14+
Narxi: iTicket’da 66 000 so‘mdan
Chiptalar: onlayn
Manzil
Bolalar uchun muzey qanday yaratiladi?

Juma kuni Utrextdagi Miffi muzeyi kuratori Yolanda van den Berg bolalar o‘yin orqali san’at bilan qanday tanishishi haqida gapiradi. Yakshanba kuni Hamnafas festivalida TashAnimalCare asoschisi va boshqa shahar loyihalari vakillari o‘z ishini qanday boshlagani va hamfikrlarni qayerdan topgani haqida suhbatlashadi.
Qachon: 27-noyabr, 18:00–19:30 va 29-noyabr, 14:00–15:00
Qayerda: Respublika bolalar kutubxonasi, Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 47
Ro‘yxatdan o‘tish: ma’ruzaga va suhbatga
Manzil
Fransuzcha kitob va ijodiy mashg‘ulot

Fransuz alyansida Ambr bolalar bilan kitob o‘qiydi va ijodiy mashg‘ulot o‘tkazadi. Jonli fransuz tilini eshitish va birga kitob o‘qish uchun bahona.
Qachon: 28-noyabr, 14:00
Qayerda: Fransuz alyansi, Zulfiyaxonim ko‘chasi, 120/2
Yosh: 3+
Kirish: bepul
Batafsil: tashkilotchilardan
Manzil
Human House’da qozoq kashtalari

«Tuskiiz: olamlar orasidagi yo‘l» ko‘rgazmasida Natalya Krivets to‘plamidagi kashtali pannolar namoyish etiladi. Bunday pannolar bilan o‘tovlarni bezashgan. Ochilishda kolleksioner ulardagi naqshlar haqida hikoya qiladi.
Qachon: 28–30-noyabr, 10:00–19:00, ma’ruza 28-noyabr soat 18:00 da
Qayerda: Human House, Kichik Mirobod ko‘chasi, 43
Batafsil: galereya saytida
Manzil
Eski gimnaziyalar va Davlat banki yonidan sayr

Travel Nation ekskursiyasi Fransiya elchixonasidan Romanov saroyigacha olib boradi. Yo‘lda sobiq gimnaziyalar va Davlat banki binosini ko‘ramiz, Toshkentning shu qismi qanday qurilgani haqida eshitamiz. Binolarni tashqaridan tomosha qilamiz.
Qachon: 29-noyabr, 10:00
Yig‘ilish joyi: Fransiya elchixonasi, Istiqbol ko‘chasi, 25
Narxi: 140 000 so‘m, pensionerlar va 10 yoshgacha bolalar uchun 120 000 so‘m
Yozilish: @tour_admin
Manzil
Bugunga shu

Yo‘lga quloqchin, kechga soyabon. Tazikni esa hoziroq olish mumkin.
Bugun nimalar qilmoqchisiz? Izohlarda aytib bering va hammaga tavsiya qiladigan sevimli joylaringizni yozing 🧡