«Assalomu alaykum. Kartangiz bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilyapmiz». Suhbatdosh familiyangiz, manzilingiz va JSHSHIR’ingizni aytadi — gaplari darrov ishonchliroq tuyuladi. Bu ma’lumotlarni qayerdan oldi va ulardan foydalanishga ulgurdimi?
29-oktabrda IIV avval SafeRoad deb atalgan SAFE Service bilan bog‘liq xabarlar tekshirilayotganini ma’lum qildi. 1-noyabrga o‘tar kechasi Troll.uz pasport ma’lumotlari, manzillar va boshqa yozuvlar bo‘lgan, go‘yoki 27 mln kishiga tegishli baza haqida yozdi. Maqola tayyorlangan paytda bazaning haqiqiyligi, manbasi va ko‘lami rasman tasdiqlanmagan edi.
Ma’lumotlar internetga tarqaldi. Xo‘sh, nima bo‘ladi?
Ismingiz, telefon raqamingiz va manzilingiz begona odamda borligini tasavvur qiling. U «yetkazib berish» haqida yozishi, «bankdan» qo‘ng‘iroq qilishi yoki uyingizga borish bilan qo‘rqitishi mumkin. Mashinangiz haqidagi ma’lumot qo‘shilsa, soxta jarima xabari ham ishonchliroq chiqadi. Tanish tafsilotlar ko‘paygan sari, odatda ehtiyotkor odam ham shoshilib qolishi osonlashadi.
Pasport ma’lumotlari va JSHSHIR — shaxsning identifikatsiya raqami — sizning nomingizdan anketa to‘ldirish va ariza berishga urinish uchun ishlatilishi mumkin. Suratni soxta profilga qo‘yishlari yoki yuzni tekshirishdan o‘tishga urinishda undan foydalanishlari mumkin. Bunda MyID kabi tizimlar tirik odam borligini ham tekshiradi: bazadagi surat tekshiruvdan o‘tildi degani emas.
Akkauntga kirish yoki operatsiyani tasdiqlash uchun odatda yana bir qadam kerak: parol, kod, kirishni tasdiqlash, raqam yoki qurilmani nazorat qilish. Shu sababli sizni shoshirishlari, «kreditni bekor qilish», fayl o‘rnatish yoki SMS’ni yuborishni so‘rashlari mumkin. Tanish ma’lumotlar shu yo‘l bilan pul va yozishmalarga yo‘l ochadi. Ba’zan odam qo‘ng‘iroq qiluvchining bosimi ostida pulni o‘zi o‘tkazadi.
Begona kirish, pul yechilishi yoki notanish kredit shartnomasi darhol harakat qilishni talab etadi. Shu belgilardan biri paydo bo‘lgan bo‘lsa, shoshilinch qadamlarni ko‘ring.
Bu hozir sodir bo‘layotgan bo‘lsa
Bank kodini aytdingizmi yoki pul yechilganini ko‘rdingizmi? Kartadagi yoki bank ilovasidagi raqamga qo‘ng‘iroq qiling. Firibgarlik haqida ayting, kartani va mobil bankka kirishni bloklashni so‘rang, o‘tkazmani to‘xtatishga urinib ko‘ring.
Yuborilgan ilovani o‘rnatdingizmi yoki telefonni boshqarishga ruxsat berdingizmi? Uni internetdan uzing. Bank bilan boshqa ishonchli qurilmadan bog‘laning, parollarni ham o‘sha yerdan almashtiring.
Telegram’da begona seans paydo bo‘ldimi? O‘z qurilmangizdagi akkauntdan chiqmang. Ikki bosqichli parolni yoqing yoki almashtiring, tiklash pochtasini tasdiqlang, keyin «Sozlamalar → Qurilmalar»da notanish seanslarni tugating. Aloqa ham yo‘qolgan bo‘lsa, boshqa telefondan operatorga raqamni bloklashni so‘rang.
O‘zingiz olmagan kreditni topdingizmi? Kredit bergan tashkilotga e’tiroz bildiring va IIBga ariza topshiring; ikkala murojaat ham ro‘yxatga olinganini tekshiring. To‘liq tartib begona shartnoma haqidagi bo‘limda.
Sizga yoki yaqinlaringizga bevosita xavf bormi? Xavfsiz joyga o‘ting va 102ga qo‘ng‘iroq qiling. Yozishmalarni saqlashga keyin qaytasiz.
Bevosita xavf bo‘lmasa, himoyani xotirjam sozlash mumkin. Yangi kreditlarga taqiq qo‘yishdan boshlash oson.
Bugunoq qanday himoya qo‘yish mumkin

O‘zbekistonda yangi kredit shartnomasini tuzishga bepul taqiq qo‘yish mumkin. MyGov’da 1242-xizmatni oching, akkauntingizga kiring va taqiqni yoqing. U o‘rnatilganini tekshiring; QR-kodli ma’lumotnomani saqlab qo‘yish mumkin. Ariza uchun hujjatlar talab etilmaydi.
Kredit tashkilotlari yangi bitimlarda reyestrdagi yozuvni hisobga olishi kerak. Taqiq mavjud qarzlarni bekor qilmaydi va kartadagi xarajatlarni bloklamaydi. Kredit tarixidan foydalanishni cheklaydigan Freeze esa alohida pullik xizmat. Bepul taqiq uchun aynan 1242-xizmat kerak.
MyGov’dan keyin pochtaning xavfsizlik sozlamalarini oching: boshqa xizmatlarga kirish ko‘pincha shu pochta orqali tiklanadi. Unga alohida parol va ikki bosqichli himoya qo‘ying. Bir nechta akkauntda bir xil parol bo‘lsa, har birida almashtiring.
Telegram’da alohida ikki bosqichli parolni yoqing va tiklash pochtasini tasdiqlang. OneID’da kirish tarixi va qurilmalarni ko‘ring, notanish seanslarni tugating. Tiklash raqami o‘zingizniki va ishlayotgan bo‘lishi kerak.
Bu qadamlar yangi urinishlarni cheklaydi. Oldin begona harakat bo‘lganmi — hisobotlar va kirish tarixi ko‘rsatadi.
Ma’lumotlardan foydalanishayotganini qanday sezish mumkin
Buning uchun shubhali bazalardan o‘zingizni qidirish shart emas. Bank ilovasida operatsiyalarni, Telegram va OneID’da kirishlar va qurilmalarni ko‘ring. Notanish yozuv chiqsa, nima bo‘lganini aniqlash kerak.
Kreditlar va kredit tarixiga so‘rovlar hisobotda ko‘rinadi. MyGov’da u 15 840 so‘m turadi. Qonun kredit byurosidan yiliga bir marta bepul hisobot olish huquqini ham beradi. Bu yil hali foydalanmagan bo‘lsangiz, KATM shaxsiy kabineti orqali olishingiz mumkin.
Har safar qo‘lda tekshirmaslik uchun xabarnomalarni ulash mumkin. Bepul 938-xizmat kredit tarixi olingani haqida xabar beradi; bu kredit berilganini anglatmaydi. Aynan yangi kredit haqidagi SMS uchun 1478-xizmat bor, portalda narxi 4 928 so‘m.
«Ma’lumotlaringiz tarqalganini tekshiramiz» degan taklif ham tuzoq bo‘lishi mumkin. Notanish botga birdan JSHSHIR, pasport va selfi kerak bo‘lib qoladi — siz esa unga yangi ma’lumot to‘plamini berasiz. Qo‘ng‘iroq bilan birga yuborilgan havola ayniqsa xavfli: tanish tafsilotlar uni ishonchli ko‘rsatadi, suhbatdosh esa darhol ochishga shoshiradi.
Qo‘ng‘iroq qiluvchi manzil, JSHSHIR yoki mashinani biladi

Masalan, odam o‘zini bank xodimi deb tanishtiradi, pasport ma’lumotlarini aytadi va nomingizga kredit olinayotganini bildiradi. Darhol bekor qilish uchun jamg‘armani «xavfsiz hisob»ga o‘tkazishni va hech kimga qo‘ng‘iroq qilmaslikni taklif etadi.
Shu payt suhbatni tugatib, bankka o‘zingiz qo‘ng‘iroq qiling — karta yoki ilovadagi raqamga. Suhbatdosh aytgan raqam tekshirish uchun yaramaydi. IIB, to‘lov xizmati yoki operator nomidan qo‘ng‘iroq qilishsa ham shu tartib ishlaydi.
SMS’dagi bank kodi, ekranni ko‘rsatish va «himoya uchun» ilova suhbatdoshga hozircha qo‘lida yo‘q narsani beradi. Markaziy bank maxfiy kodlarni o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan odamga ham bermaslik kerakligini eslatadi.

Qo‘ng‘iroq o‘rniga xabar kelishi mumkin: mashinangiz raqami yozilgan «jarima», jo‘natma bilan muammo yoki «ma’lumotlar tarqalgani uchun kompensatsiya». Jarima, buyurtma yoki murojaatni odatdagi ilovani o‘zingiz ochib qidiring. Shunda yuborilgan havolaga kirmay, tanish tafsilotlarni tekshirasiz.
Havolani allaqachon ochgan bo‘lsangiz, keyingi savol muhim: ochilgan sahifada nima qilishga ulgurdingiz?
Havolani ochdingiz, kodni aytdingiz yoki fayl o‘rnatdingiz
Faqat sahifani ochdingizmi? Uni yoping, yuklanmalar va saytga berilgan ruxsatlarni tekshiring. Parol kiritdingizmi? Uni haqiqiy xizmat orqali almashtiring va begona seanslarni tugating. Boshqa akkauntlarda shu parol ishlatilgan bo‘lsa, ularni ham o‘zgartirish kerak.
Kodni aytdingizmi? Asl xabarni o‘qing: unda xizmat va harakat ko‘rsatiladi. Bank kodi bo‘lsa, darhol bank bilan bog‘laning. OneID yoki MyGov kodi bo‘lsa, rasmiy OneID orqali kirish ma’lumotlarini tiklang yoki almashtiring, seanslar va notanish arizalarni tekshiring. Telegram’ga kirish kodi bo‘lsa, keyingi bo‘limdagi tiklash tartibiga o‘ting. Telegram boshqa xizmatning kodini yetkazgan bo‘lsa, aynan o‘sha xizmatni himoyalash kerak.

Yozishmada yuborilgan ilova ko‘proq xavf tug‘diradi. MB ogohlantiradi: zararli dasturlar SMS va hujjatlarni olishi mumkin. Shubhali telefonni internetdan uzing. Bank bilan boshqa qurilmadan bog‘laning va akkauntlarni himoyalang — aks holda yangi parollarni ham ushlab qolishlari mumkin.
Yozishma, fayl nomi va operatsiya ma’lumotlarini saqlang. Pul va kirishlar himoyalangach, begona ilovani va unga berilgan ruxsatlarni olib tashlang. Bankka shu telefondan qaytishdan oldin uni tekshirtiring. Xavfsizligiga ishonch hosil bo‘lmasa, mutaxassis tekshiruvi yoki telefonni zavod sozlamalariga qaytarish kerak bo‘ladi; tiklashdan oldin dalillar va akkauntni qaytarish ma’lumotlarini saqlang.
Ilovani o‘chirish boshqa qurilmada ochilgan seansni tugatmaydi. Uni alohida yopish kerak — ayniqsa Telegram’da.
Telegram va o‘z raqamingizni qanday qaytarish mumkin
Telegram’dagi begona kirish «ovoz bering» yoki «akkauntni tasdiqlang» degan iltimosdan boshlanishi mumkin. Kodni so‘rashadi yoki QR’ni skanerlashni taklif etishadi: bunday kirishni tasdiqlash yangi seans ochadi. Keyin tanishlaringizga sizning nomingizdan pul so‘rab yozishlari mumkin.
Telegram qurilmangizda hali ochiq bo‘lsa, akkauntdan chiqmang. Ikki bosqichli parolni yoqing yoki almashtiring va tiklash pochtasini tasdiqlang. Keyin «Sozlamalar → Qurilmalar»da notanish seanslarni tugating. Parolni almashtirish ishlayotgan begona seansni yopmaydi, shuning uchun ikkala harakat ham kerak.
Yangi kirish dastlabki 24 soat ichida boshqa seanslarni tugatishga ruxsat bermasligi mumkin. O‘zingizning avvaldan kirilgan qurilmangizdan urinib ko‘ring. Begona kirish saqlanib turganida, yaqinlarni boshqa aloqa kanali orqali ogohlantiring: pul haqidagi iltimosni qayta tekshirishsin.
Umuman kira olmasangiz, avval operator orqali raqamni qaytaring, keyin rasmiy Telegram’da tiklashni boshlang. Ikki bosqichli parol noma’lum bo‘lsa, Telegram akkauntni qayta tiklashni taklif qilishi mumkin; bunda bulutdagi yozishmalar yo‘qoladi — tasdiqlashdan oldin ogohlantirishni o‘qing.

Raqamni alohida tekshirish kerak. Oddiy nosozlikdan ham tarmoq yo‘qoladi. Ammo shu bilan birga yangi kirishlar, parol almashishi yoki bank operatsiyalari bo‘lsa, darhol harakat qiling. Boshqa telefondan operatorga raqamni bloklashni so‘rang, keyin hujjat bilan SIM yoki eSIM’ni tiklang. Bankka ham SMS’lardan foydalanish xavfi haqida xabar bering.
Operatorlar: Ucell — +998 93 180-00-00, Beeline — +998 90 185-00-55, Mobiuz — +998 97 130-09-09. UZTELECOM mobil aloqa uchun 1099 raqamini ko‘rsatadi. Qisqa raqamga boshqa telefondan ulanib bo‘lmasa, kontaktni operatorning rasmiy saytidan topish mumkin.
Qaytarilgan kirish keyingi harakatlarni to‘xtatishga yordam beradi. Allaqachon paydo bo‘lgan majburiyatni, masalan begona kreditni, alohida nizolashish kerak.
Kredit tarixida begona shartnoma paydo bo‘ldi

Hisobotda siz olmagan kredit ko‘rsatilgan. Tashkilot, sana va summani yozib oling, kredit bergan tashkilotga bog‘lanib e’tirozni ro‘yxatga oldiring: ariza bermagansiz, shartnoma tuzmagansiz. Pul kelib tushganmi va keyin nima bo‘lganini ayting. Murojaat raqami va yozma javob keyin kerak bo‘ladi.
Shartnoma, ariza, shaxs qanday tasdiqlangani, pul tushgan hisob va kredit rasmiylashtirilgan qurilmalar haqidagi ma’lumotni so‘rang. Kirish, tasdiqlash va operatsiya yozuvlarini saqlashni, kredit tarixidagi noto‘g‘ri ma’lumotni tuzatishni talab qiling. Yozishma, SMS, ko‘chirma va asl fayllarni nusxalar bilan birga saqlang.
Shu ma’lumotlar bilan hududiy IIBga firibgarlik haqida ariza bering; militsiya bilan 102 orqali bog‘lanish mumkin. Ariza ro‘yxatga olinganini tasdiqlating. 2026-yil 22-apreldan keyingi onlayn kredit yoki mikroqarz firibgarligi uchun 3759-son nizomning 28–31-bandlarida alohida tartib belgilangan.
Unga ko‘ra, kredit beruvchi sizni jabrlanuvchi deb e’tirof etish haqidagi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qarorini yoxud sud ajrimini olgan kundan foiz, neustoyka va jarimalar hisoblashni hamda undiruvni to‘xtatadi. Shuning uchun ikki natijani tekshiring: siz jabrlanuvchi deb e’tirof etildingizmi va hujjat kredit beruvchiga yetib bordimi. Arizaning ro‘yxatga olinishi o‘zi bu to‘xtatishni boshlamaydi.
Pul allaqachon undirilgan bo‘lsa, uni qaytarish uchun qonuniy kuchga kirgan sud qarori yoki ajrimi kerak. Pul sud hujjati kuchga kirgan kundan boshlab 15 kun ichida qaytarilishi lozim. Nizo davomida kredit beruvchi talablariga javob bering, ammo begona qarzni tan olish yoki qayta tuzish hujjatini mustaqil huquqiy maslahat olmasdan imzolamang.
Masala hal bo‘lmasa, Markaziy bankka murojaat yuboring. Ishonch telefoni — +998 71 200-00-44, ish kunlari 9:00–18:00, tanaffus 13:00–14:00. Talablar bilan birga tahdid kelayotgan yoki manzilingiz e’lon qilinayotgan bo‘lsa, alohida harakat kerak.
Manzilni e’lon qilishdi yoki tahdid qilishyapti
«Qayerda yashashingni bilamiz» degan xabar yonida haqiqiy manzil bo‘lsa, yanada qo‘rqitadi. Sizga yoki yaqinlaringizga aniq xavf tug‘ilsa, xavfsiz joyga o‘ting va 102ga qo‘ng‘iroq qiling. Bunday vaziyatda ilovaning qo‘llab-quvvatlash xizmati javobini kutmang.
Bevosita xavf bo‘lmasa, xabarlar, havola, akkaunt nomi va e’lon vaqtini saqlang. Bular IIBga ariza va platformaga ma’lumotni o‘chirish talabi bilan shikoyat yuborishda kerak bo‘ladi. Asl yozishmani ham qoldiring: skrinshotlar uni to‘ldiradi.
«Bazadan o‘chirish» uchun pul to‘lash barcha nusxalarni nazorat qilish imkonini bermaydi. Shantaj bo‘lsa, yangi material yoki pul yubormang. Buni yaqinlar bilan kelishib olish ayniqsa muhim: qo‘rqqan odam vaziyatni yashirib, yolg‘iz hal qilishga urinishi mumkin.
Bola va katta yoshdagi yaqinlar bilan nimalarni kelishib olish kerak
Buviga «nevarasi» qo‘ng‘iroq qiladi: bir balo bo‘ldi, zudlik bilan pul kerak, faqat oyimga hozircha aytmang. Xabarda tanish surat, telefonda tanish ovoz. Akkauntni egallagan bo‘lishlari, ovozga esa yozuv asosida taqlid qilishlari mumkin.
Oldindan kelishib oling: shunday pul so‘ralsa, suhbatni tugatib, yaqinimizga saqlangan raqam orqali o‘zimiz qayta qo‘ng‘iroq qilamiz. Javob bo‘lmasa, oiladagi boshqa odam bilan bog‘lanamiz. Maxfiy so‘zni qo‘shimcha qilish mumkin, lekin u yagona tekshiruv bo‘lib qolmasin: yozishmani ham o‘qishgan bo‘lishi mumkin.
Katta yoshdagi yaqiningiz bilan birga MyGov’ni ochib, kreditga taqiq qo‘yish va bank hamda operator raqamlarini saqlash qulay. Tiklash pochtasini ham tekshiring. Parol va kodlar egasida qoladi; raqamlar yozilgan qog‘ozga «O‘zim qayta qo‘ng‘iroq qilaman» deb yozishning o‘zi yetarli.

Bola uchun boshqa kelishuv muhim: havolani bosgan, surat, kod yoki pul yuborgan bo‘lsang ham, yordam so‘rab kelishing mumkin. Yordam so‘ragani uchun jazolash yo‘q. Uni shantaj qilishsa, gaplashishni davom ettirish, to‘lash yoki yana nimadir yuborish kerak emas. Ishonchli katta odam xabarlarni saqlash va shikoyat yoki ariza berishga yordam beradi — UNICEF ham shuni tavsiya qiladi.
Dastlabki himoya qadamlaridan keyin yana bir savol qoladi: balki hujjatlarni almashtirib, hammasini boshidan boshlash osonroqdir?
Pasport, raqam va ilovalarni almashtirish kerakmi?
Pasport. Yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan bo‘lsa, xabar bering va almashtiring. Internetga nusxa tushgani hujjatni avtomatik almashtirishni talab qilmaydi: eski manzil va surat yo‘qolmaydi, odatiy pasport almashganda esa JSHSHIR saqlanadi. Avval kirishni himoyalash va kredit tarixini tekshirish foydaliroq.
Raqam. Yangisi keraksiz qo‘ng‘iroqlarni kamaytirishi mumkin. Ammo eskisidan voz kechishdan oldin bank, OneID, pochta va messenjerlarni ko‘chiring. Aks holda spam bilan birga o‘z akkauntingizni tiklash imkonidan ham ayrilishingiz mumkin.
Ma’lumotlari tarqalgan xizmatning ilovasi. Telefondan o‘chirish serverdagi yozuvni o‘chirmaydi. Xizmatdan nima saqlayotganini alohida so‘rash, qonunda ko‘zda tutilgan hollarda tuzatish, bloklash yoki yo‘q qilishni talab etish mumkin — bu ma’lumot egasining huquqi. Tarqalib ketgan nusxalarni bu so‘rov bilan qaytarib bo‘lmaydi.
Kerakli raqam qo‘l ostida bo‘lsin

Xavotirli qo‘ng‘iroq paytida yo‘l-yo‘riqlarni eslash qiyin. Saqlangan bank raqami, yoqilgan kredit taqiqi va yaqinlar bilan kelishuv birov sizni shoshirayotgan paytda qaror qilmaslikka yordam beradi. Maqolani oilaviy chatga yuborib, oldin ortga surilgan himoya sozlamalarini birga yoqish mumkin.
Shunday firibgarlikka duch kelgan bo‘lsangiz, nima yordam berganini izohlarda ayting. Hujjat, karta raqamlari va birovning shaxsiy ma’lumotlarisiz. O‘qish uchun tazikni esa oxirida olib keting 🧡
Xizmatlar, narxlar va qoidalar 2026-yil 1-noyabrda tekshirildi.
