2025-yili Shota Rustaveli ko‘chasida avtobuslar uchun alohida yo‘lak qurilayotganda asfalt ostidan relslar va shpallar chiqdi. Ular ko‘cha 2011-yilda qayta qurilganidan qolgan ekan. Hokimiyat xabariga ko‘ra, topilma sabab loyihani o‘zgartirish va qo‘shimcha ish bajarishga to‘g‘ri kelgan.

Bu qismdan tramvay topilmadan o‘n to‘rt yil oldin olib tashlangandi. Shu vaqt ichida shahar butun tramvay tarmog‘ini yopdi, vagonlar o‘rniga avtobus qo‘ydi va yana alohida yo‘laklarga qaytdi. Shota Rustavelida ular ko‘chaning o‘rtasini egalladi — bu safar BRT, ya’ni tezkor avtobus tizimi uchun.

Boshqa eski tramvay ko‘chalarida ham shunga o‘xshash jarayon ketmoqda. Bugungi tanlovni tushunish uchun tarmoq qanday qisqargani, uning o‘rniga nima qurilayotgani va ikki transport turi yo‘lovchiga nima berishini ko‘rib chiqamiz.

Tramvay chekka hududlarni markaz orqali bog‘lagan

2009-yilgi arxiv sxemasida sakkiz tramvay yo‘nalishi belgilangan. 9-tramvay Chilonzorning 26-mavzesini Qo‘yliq-6 bilan bog‘lagan, 13-yo‘nalish Traktor zavodidan Qo‘yliqqa, 25-yo‘nalish esa «Zenit» zavodidan vokzalga qatnagan. Tramvay markazdan o‘tib, bir-biridan uzoq hududlarni bog‘lagan. Bu tanlangan yildagi holat: 2016-yilgi so‘nggi qatnovgacha tarmoq yana bir necha marta o‘zgargan.

2011-yilgi rekonstruksiya tarmoqning markaziy qismiga ayniqsa katta ta’sir ko‘rsatdi. Yanvar oyida hukumat 28,2 kilometr relsni demontaj qilishni tasdiqladi. Ro‘yxatga Navoiy, Amir Temur, Shahrisabz va Shota Rustavelining bir qismi — tramvay markazdan o‘tadigan ko‘chalar kiritildi.

Shu qarorda Muqimiy, Shota Rustaveli, Qushbegi va Kichik halqa orqali 7,1 kilometrlik ikki izli aylanma liniya ham nazarda tutilgan. Tramvay hali saqlanayotgan, lekin oldingi markaziy yo‘nalishlardan chiqarilayotgan edi. Besh yil o‘tib, hokimiyat undan butunlay voz kechishga qaror qildi.

Yo‘llarni kengaytirish, tramvay o‘rniga avtobus

Ko‘cha qayta qurilishidan oldin Shota Rustavelidagi tramvay. Arxiv fotosurati asosidagi illyustratsiya.

2016-yil martida hokim Rahmonbek Usmonov tramvayni butunlay olib tashlash haqida e’lon qildi. U buni tramvay ishining samarasizligi bilan izohladi. O‘rniga yangi avtobus yo‘nalishlari va’da qilindi, bo‘shagan joydan esa yo‘llarni kengaytirish uchun foydalanishmoqchi edi.

Oradan bir oydan sal ko‘proq vaqt o‘tib, qatnov tugadi. 2-may tongida 17-yo‘nalishning so‘nggi vagoni depoga qaytdi. Elektr tramvay 1913-yildan buyon yurgan shaharda birorta ham ishlaydigan yo‘nalish qolmadi.

Vagonlar o‘rnini avtobuslar egalladi, ammo tezkor yerusti transportiga ehtiyoj yo‘qolmadi. To‘qqiz yil o‘tib, Shota Rustavelida katta rekonstruksiya boshlandi. Aynan shu qurilish paytida asfalt ostidan eski relslar chiqqan edi.

Nega tanish ko‘chalar yana jamoat transportiga berilmoqda?

2025-yil oktabrida Shota Rustavelida BRT ochildi: Miroboddan Choshtepagacha qariyb yetti kilometr, markazda ikkita avtobus yo‘lagi. Boshqa mashinalar bordyur ortidagi qo‘shni yo‘laklarda qoldi. Endi avtobus bu masofani ular bilan bitta oqimda bosib o‘tmaydi.

BRT — Bus Rapid Transit, ya’ni tezkor avtobus tizimi. Alohida yo‘lakdan tashqari, yo‘lovchilar tez chiqib-tushishi va avtobus chorrahalarda kamroq turishi uchun ham sharoit yaratiladi. Bekatlar va svetoforlar qanchalik yaxshi ishlasa, butun tizim shunchalik foydali bo‘ladi.

2026-yil sentabrida Shahrisabzda yana 1,2 kilometr ochildi: Mirobod va Shota Rustaveli bilan kesishgan aylanmadan Amir Temur shohko‘chasigacha. Bu rejalashtirilgan uzunroq liniyaning birinchi qismi. Shota Rustaveli bilan birga u shahar yerusti jamoat transportiga bosqichma-bosqich alohida joy ajratayotganini ko‘rsatadi.

Shota Rustavelida yangi yo‘lak qisman 9-tramvay yo‘lini takrorlaydi. Tramvay Mirobod aylanmasidan Shota Rustaveli bo‘ylab To‘qimachilik kombinati atrofigacha borib, keyin Muqimiyga burilgan. BRT esa janubga, Choshtepagacha davom etadi. Yo‘nalishlarning shu qismi bir ko‘chadan o‘tadi, lekin yo‘lak uzunligi va yo‘lovchilarning keyingi yo‘li endi boshqacha.

Keyingi bosqich hozircha tayyorgarlik jarayonida. 16-oktabrda hokimiyat umumiy uzunligi 17,9 kilometr bo‘lgan to‘rtta yo‘nalishni e’lon qildi: Muqimiy, Qoratosh bilan Ko‘kcha Darvoza, Parkent va Mirzo Ulug‘bek. Ularning loyiha hujjatlari uchun budjet shakllantirilmoqda. Qurilishdan oldin kommunikatsiyalarni o‘rganish va pudratchilarni tanlash kerak.

Muqimiy va Mirzo Ulug‘bek ham tramvay ko‘chalari bo‘lgan: ulardan 9- va 13-yo‘nalishlar o‘tgan. Ayni paytda 2025-yilgi dastlabki BRT dasturi Shota Rustavelidan tashqari to‘qqiz yangi yo‘nalishni, jumladan Yangi Sergelini ham qamrab oladi. Tanlangan 2009-yil sxemasida u yerda tramvay ko‘rsatilmagan. Avtobus tarmog‘i bugungi safarlarga moslab kengaytirilmoqda.

Oktabrdagi xabarda hokimiyat tanlovni jamoat transportiga ustuvorlik berish va shaxsiy mashinaga qaramlikni kamaytirish bilan izohlaydi. 2016-yili tramvaydan bo‘shagan joyni yo‘lni kengaytirishga ishlatishmoqchi edi. Endi yo‘lning bir qismi yana ko‘pchilikni tashiydigan transportga ajratilmoqda.

Nega bu joydan aynan avtobus yurishi kerak? Bir xil vazifani solishtirsak, tanlov tushunarliroq bo‘ladi: qancha odamni tashish lozim, ularning safariga qancha vaqt ketadi va liniyani ishlatish qanchaga tushadi?

1. Qaysi biri ko‘proq yo‘lovchi tashiydi?

Venadagi zamonaviy Flexity vagoni bilan taqqoslash illyustratsiyasi. Bu Toshkent tramvayi loyihasi emas.

Bekatda navbat yig‘ilsa, avvalo transport tez-tez kelsa deymiz. Avtobuslar bilan tashish hajmini oshirishning odatiy yo‘li shu: mashina qo‘shish, oraliqni qisqartirish. Tramvayda boshqa imkoniyat ham bor — platforma va yo‘l mos bo‘lsa, uzunroq vagon yoki bir-biriga ulangan vagonlarni chiqarish.

Oddiy misol farqni ko‘rsatadi. 120 kishilik avtobus har ikki daqiqada kelsa, bir yo‘nalishda soatiga 3600 o‘rin taklif qiladi. 240 kishilik tramvay har to‘rt daqiqada kelsa ham shuncha. Transport bir maromda qatnasa, avtobusni kamroq kutamiz, tramvay esa ikki baravar kam reys bajaradi. Borib-qaytish vaqti bir xil bo‘lsa, tramvay uchun mashina va haydovchi ham kamroq kerak bo‘ladi. Bu Toshkent jadvali emas, taqqoslash uchun shartli hisob.

Odamlar yana ko‘paysa, oraliqni cheksiz qisqartirib bo‘lmaydi. Bekatda chiqib-tushishga joy, chorrahada transportni o‘tkazishga vaqt yetishi kerak. Bir necha avtobus birga kelib, platforma bo‘shashini kutib qolishi mumkin. Sig‘imi katta tramvay bunday kelishlar sonini kamaytiradi, lekin unga uzunroq bekat zarur.

Shuning uchun doim gavjum bo‘ladigan katta yo‘nalishda tramvayni ko‘rib chiqishga jiddiy asos bor. Yo‘lovchi kamroq bo‘lsa, tez-tez qatnaydigan avtobus rels qurmasdan ham yetarli sig‘im berishi mumkin. Tanlash uchun soatlar va yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchi soni kerak: kunlik umumiy raqam ertalabki tiqilinchni yashiradi.

2. Qaysi birida tezroq yetib boramiz?

2. Qaysi birida tezroq yetib boramiz?

Kimdir katta vagonni kutishga rozi, kimdir darrov ketishni istaydi. Lekin transportga o‘tirgach, ikkalasi ham yutgan daqiqalarini qizil chiroqda yo‘qotishi mumkin. Tezlik uchun bir nechta yechim birga ishlashi kerak: alohida yo‘l, chorrahada ustuvorlik, qulay eshiklar va tez chiqib-tushish. Sharoit o‘xshash bo‘lsa, avtobus va tramvay yo‘lak bo‘ylab yaqin tezlikda yura oladi.

Bizning yo‘limiz esa oldinroq — uydan chiqqanimizda boshlanadi. Markazdagi platformaga yetish uchun uzoq aylanilsa, avtobus ichida tejalgan vaqt uncha taskin bermaydi. O‘tish joyi yaqin-u, yashil chiroq juda qisqa yonsa, aravachali odamga ham, sekinroq yuradigan kishiga ham noqulay.

Ikkalasida ham bekatga xavfsiz yetib borish, past pol, platforma bilan eshik orasida kichik bo‘shliq va salonda yetarli joy kerak. Past polli transportning foydasi bekat ham unga mos bo‘lsa bilinadi. Toshkentda bunga soyabon va ishlaydigan konditsioner ham qo‘shiladi — yozda ham kutamiz, yozda ham qatnaymiz.

Yaxshi yo‘nalishning foydasi butun safarda bilinadi: uydan manzilgacha qancha vaqt ketdi, necha marta transport almashtirdik? Almashmasdan borish imkoniyati ko‘pincha avtobusga ustunlik beradi. Yangi yo‘lak suratida esa bu umuman ko‘rinmaydi.

3. Almashmasdan yetib borsa bo‘ladimi?

3. Almashmasdan yetib borsa bo‘ladimi?

Avtobus mahalladan yo‘lovchi yig‘ib, BRTga kirishi, gavjum qismdan tez o‘tib, yana oddiy ko‘chaga chiqishi mumkin. Shunda bitta alohida yo‘lak bir nechta yo‘nalishga yordam beradi, odamlar uning boshida boshqa transportga o‘tishi shart bo‘lmaydi. Avtobus tarmoqlarini rejalashtirishda bu usuldan foydalaniladi.

Ammo bevosita qatnovda avtobuslarning kelish vaqti beqarorroq bo‘lishi mumkin. Avtobus koridorga yetguncha tirbandlikda ushlanib qolishi, keyingi avtobus esa unga yetib olishi mumkin. Koridorning o‘zida joy yetarli bo‘lsa ham, qatnov oralig‘i buziladi. Dispetcher butun yo‘lni, BRTdan tashqaridagi ko‘chalarni ham kuzatishi kerak.

Boshqacha ham qilish mumkin: koridor ichida alohida tez-tez qatnaydigan yo‘nalish bo‘ladi, mahalla avtobuslari unga yo‘lovchi olib keladi. Shunda asosiy yo‘nalishni tashqaridagi kechikishlardan ajratish osonroq, lekin almashish paydo bo‘ladi. O‘tish qisqa, to‘lov tushunarli, kutish kam bo‘lishi kerak. Aks holda odam avvalgi bevosita avtobus yo‘nalishini sog‘inadi — va bunga haqqi bor.

Tramvayning ham tarmoqlari bo‘lishi mumkin, ammo har biriga rels yotqizish kerak. Shu sabab avtobusni mavjud mahalla yo‘nalishlariga qo‘shish osonroq. Tramvayni esa kelajakdagi butun tarmoq bilan baholash qulay: qaysi hududlarni bevosita bog‘laydi, qayerda metro yoki boshqa yo‘nalishga tez o‘tish mumkin bo‘ladi?

4. Oldinda qatnov to‘xtab qolsa-chi?

4. Oldinda qatnov to‘xtab qolsa-chi?

Bevosita qatnaydigan avtobusning yana bir qulayligi bor: ba’zan uni boshqa ko‘chadan yuborish mumkin. Yo‘l yopilsa, dispetcher qo‘shni ko‘chalar orqali yo‘nalishni o‘zgartiradi. Bordyur bilan ajratilgan koridorda bu erkinlik kamroq — chiqish joyi bo‘lishi, yonidagi yo‘lda esa harakatga joy qolishi kerak.

Tramvay relsdan burilib keta olmaydi. Buzilgan vagon yoki rels ustidagi mashina keyingi qatnovlarni to‘xtatishi mumkin. Shuning uchun loyihada vagonni to‘siqqa yetmasdan orqaga qaytarish mumkin bo‘lgan joylar, begona transportdan himoya va nosoz vagonni tez olib ketadigan texnika bo‘lishi kerak.

Avtobus tizimiga ham zaxira va ta’mirlash xizmati kerak. Farq qatnovni qanday tiklashda: avtobusga ko‘pincha atrofdagi yo‘llar yordam beradi, tramvayga esa liniyaning o‘zida oldindan yaratilgan imkoniyatlar. Ikkalasida ham zaxira mashina, dispetcher va ta’mir uchun pul to‘lanadi. Bularsiz va’da qilingan oraliqlar qog‘ozda qolishi oson.

5. Balki avtobus shunchaki arzonroqdir?

5. Balki avtobus shunchaki arzonroqdir?

Shota Rustaveli uchun rasmiylar 19,2 million dollarlik umumiy summani ma’lum qildi. Bunga butun ko‘cha rekonstruksiyasi kiradi: yo‘l, bekatlar, turargohlar, veloyo‘laklar, ko‘kalamzor va muhandislik tizimlari. Xabarda avtobus yo‘laklarining alohida narxi yo‘q, demak, shu bitta raqam bilan BRT va tramvayni solishtirib bo‘lmaydi.

Avtobus koridorini ishga tushirish odatda osonroq: rels, strelka va kontakt tarmog‘i qurilmaydi. AQShdagi loyihalarni taqqoslashda ham boshlang‘ich sarmoya bo‘yicha shunday ustunlik ko‘rinadi. Lekin mustahkam yo‘l asosi, platforma, svetofor, mashinalar va ularga xizmat ko‘rsatish joylari baribir kerak. Elektrobus tanlansa, quvvatlash uskunalari va yetarli elektr quvvati ham zarur.

Tramvay qurilishi yo‘l, elektr ta’minoti, depo va vagonlarni ham talab qiladi. Ammo gavjum liniyada bir haydovchi har qatnovda ko‘proq odam tashiydi. Bir xil yo‘lovchi oqimi uchun kamroq reys kerak; park va haydovchilardan qancha tejash mumkinligi yo‘nalish bo‘ylab borib-qaytish vaqtiga ham bog‘liq. Bu xarajatlar energiya, rels va texnik xizmat xarajatlari bilan birga hisoblanadi.

Vaqt o‘tishi bilan ta’mir va almashtirish muddatlari ham ahamiyatli bo‘ladi. Avtobus parki va qoplama yangilanadi, tramvay tizimida esa vagonlar, relslar, elektr ta’minoti va liniyaning boshqa qismlari yangilanadi. Ekspluatatsiya tadqiqotlari turli shaharlarda turli natijalarni ko‘rsatadi. Mahalliy smeta ko‘p yillik foydalanishni ham qamrashi kerak: arzon qurilish arzon tashishni kafolatlamaydi, qimmat tizim esa yetarli yo‘lovchisiz o‘zini oqlamaydi.

Tushunarli taqqoslash shunday: shahar bitta koridor, bir xil kutilayotgan oqim va bir xil hisob davrini — masalan, yigirma yilni — olib, ikkala variantni hisoblaydi. Shunda bugun nimaga pul berayotganimiz va keyin va’da qilingan qatnovni saqlash qancha turishi ko‘rinadi.

6. Shovqin va havo-chi?

Shartli shahar manzarasidagi zamonaviy tramvay.

Yo‘l yonidagi odam uchun yo‘lakdan aynan qanday avtobus yurishi ham muhim. BRT dizel, gaz yoki elektrda ishlashi mumkin. Bordyurning o‘zi yoqilg‘ini o‘zgartirmaydi. Elektr tramvay ko‘chada chiqindi gaz chiqarmaydi; elektrobus ham shu afzallikni beradi.

Harakatda avtobus shinasi va qoplama, tramvay g‘ildiragi va relslari yeyiladi; tormozlar yeyilishi ham qo‘shiladi. Umumiy chiqindilarni baholashda elektr qanday ishlab chiqarilgani ham hisobga olinadi. Lekin piyoda uchun yonida ichki yonuv dvigateli ishlamasligi sezilarli o‘zgarish.

Shovqinda texnika va yo‘lning parvarishi katta ahamiyatga ega. Tramvay burilishda chiyillashi, tebranishni yo‘l orqali uzatishi mumkin; avtobus shinasi, osmasi va dvigatel tizimi shovqin qiladi. Bu ta’sirlar loyihada hisobga olinadi va muntazam xizmat ko‘rsatish orqali kamaytiriladi. Yomon rels yoki buzilgan qoplama yangi transportdagi safarni ham noqulay qiladi.

Shu sabab eski shovqinli vagonni yangi avtobus bilan solishtirish bugun qanday liniya qurish haqida kam narsa aytadi. Zamonaviy tramvayni ham eskirgan tarmoqning oxirgi yillari haqidagi xotiralar bilan baholamaslik kerak. Yangi texnikani va shahar unga qanday xizmat ko‘rsatishga tayyorligini solishtirish lozim.

7. Demak, tramvayni qaytarish mumkinmi?

7. Demak, tramvayni qaytarish mumkinmi?

Mumkin, lekin deyarli yangidan qurish kerak: relslar, elektr ta’minoti, platformalar, depo. Tayyor avtobus yo‘lagi jamoat transportiga ko‘chada joy qoldiradi, ammo o‘z-o‘zidan tramvay liniyasiga aylanmaydi.

Qaytarish g‘oyasi rasmiy rejalarda qolmoqda. 2022-yili prezident tramvay loyihasini tezlashtirishni topshirgan. 2025-yil martida Fransiya tomoni Alstom loyihasining yangilangan yo‘l xaritasi haqida xabar berdi. Bu hujjatlarda loyihani tayyorlash haqida gap boradi.

Tanish Toshkent ko‘chalarida BRT tanlovini aniq afzalliklar bilan tushuntirish mumkin: boshida kamroq sarmoya, bosqichma-bosqich ochish va bevosita avtobus yo‘nalishlarini saqlash. Agar u oqimni ko‘tara olsa va qatnov oralig‘ini ushlasa, BRTni tanlash uchun yaxshi asos bor.

Doim ko‘p yo‘lovchi qatnaydigan yo‘nalishlarda tramvayni jiddiy ko‘rib chiqish kerak: katta vagonlar kamroq qatnov bilan ko‘proq odam tashiydi. Har bir Toshkent ko‘chasi uchun qaysi hisob hal qiluvchi bo‘lgani ochiq xabarlardan hozircha ko‘rinmaydi. Yo‘lovchi oqimi, safar vaqti va ikkala variantning to‘liq xarajatlari bo‘yicha ochiq taqqoslash yetishmaydi.

Shota Rustavelida relslar olinishidan yangi avtobus yo‘lagigacha o‘n to‘rt yil o‘tdi. Shu vaqt ichida ko‘chani yana qayta qurishga to‘g‘ri keldi. Bugungi koridorlarni yo‘lovchilar soni oshganda ham rivojlantirish mumkin bo‘lsin — ular uchun joyni yana boshqatdan ajratishga to‘g‘ri kelmasin.

Siz qaysi yo‘nalishni tanlagan bo‘lardingiz?

Siz qaysi yo‘nalishni tanlagan bo‘lardingiz?

Toshkent tramvayidagi safarlaringiz esingizdami? Yangi avtobus yo‘lagidan foydalansangiz, tezroq yetib boryapsizmi? Izohlarda odatda qayerdan qayerga qatnashingizni ayting.

Shahar tirbandliklarini birga muhokama qiladigan insoningizga maqolani yuboring. O‘qiganingiz uchun tazikni ham oling 🧡.